Sog‘liqni saqlash vazirligi: Yana 8 nafar bemor sog‘aydi

Koronavirus pandemiyasi tufayli jahonda xavotirli vaziyat yuzaga kelganiga qaramay, unga qarshi qat’iy kurash choralari ham o‘z samarasini bermoqda. Natijada, kasallanganlar soni oshib borishi bilan birgalikda, sog‘ayganlar soni ham o‘smoqda. Jons Xopkins universitetining koronavirus tarqalishini real vaqt rejimida kuzatish onlayn xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda 332 mingdan ortiq odamlar ushbu kasallikdan forig‘ bo‘lishdi.

Yurtimizda ham koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar orasida butkul sog‘ayganlar soni oshib bormoqda. Bugun ulardan yana 8 nafari kasallikdan forig‘ bo‘ldi. Tuzalganlar Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va boshqa mas’ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Shunday qilib, ayni paytda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemordan 38 nafari butkul sog‘ayganini mamnuniyam bilan aytishimiz mumkin. Tuzalganlarning kun sayin ko‘payib borayotganida esa, avvalambor, shu sohada faoliyat olib borayotgan fidokor tibbiyot xodimlarining ulkan hissasi mujassam. Shifokorlar bemorlarni davolashda dunyo tajribasi, xususan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya kabi qator mamlakatlarning eng nufuzli mutaxassislari tavsiyalaridan foydalanishmoqda. Bundan tashqari, Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, har bir bemorga ikki nafardan shu sohada ko‘zga ko‘ringan tajribali mutaxassislar jalb qilinib, standartlar bo‘yicha davolash choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, shifokorlar bemorlarni davolash jarayonida mamlakatimizning yetuk pulmonolog, kardiolog, terapevt, endokrinolog, reanimatolog kabi qator mutaxassislar bilan telemuloqot o‘rnatib, ulardan kerakli tavsiyalarni olayotgani ham qo‘l kelmoqda. Tor mutaxassislar bilan hamkorlik bemorlarning holati yuzasidan maslahatlashish, aniq tashxis qo‘yish va davolash imkonini berayapti.

Yana bir guruh sog‘aygan bemorlarni kuzatish marosimida Sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov fidokor tibbiyot xodimlariga minnatdorlik bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, hozirda nafaqat poytaxtimizda, balki viloyatlarda ham tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning sog‘ayib ketishlari uchun bor mahoratlarini ishga solgan holda qahramonlarcha kurashmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.