Sohibqiron davlatida raiyat, sipoh, moliya, saltanat vazirlari faoliyat yuritgan

Sohibqiron Amir Temur buyuk davlat qurgan va uni mustahkam idora qilgan mohir sarkarda, qo‘mondon, siyosatdon, qudratli davlatchilik asoslarini barpo etgan yetakchi sifatida nomi tarixda qolgan. Uning faoliyatidagi eng muhim jihatlardan biri markazlashgan va barqaror davlat tizimini shakllantirganidir. Hukmdor sifatida mamlakat boshqaruvida muayyan tartib-qoidalarni joriy qiladi va har bir amaldorning mas’uliyatini aniq belgilab beradi. Bu orqali saltanatda intizom va boshqaruv samaradorligi ta’minlanadi.

Sohibqiron davlatni boshqarishda barcha tabaqa vakillariga suyangan
Amir Temurning hayoti va faoliyati ikki katta davrga bo‘linadi. Birinchi davr 1360-1386-yillarni o‘z ichiga oladi va bu davrda Temurbek Movarounnahrda mo‘g‘ul xonligidan mustaqil kuchli markazlashgan davlat tuzish yo‘lida kurashadi. Ikkinchi davr 1386-yildan 1405-yilgacha davom etadi. Bu davr Sohibqironning uch yillik, besh yillik va yetti yillik harbiy yurishlari bilan xarakterlanadi. U o‘zidan avval o‘tgan hukmdorlardan farqli o‘laroq, davlat va mamlakatni boshqarishda bir yoki ikki tabaqaga emas, balki aholining barcha tabaqalariga suyanadi. Davlatning mustahkamligi faqat harbiy kuch bilan emas, balki jamiyatning barcha qatlamlari o‘rtasidagi uyg‘unlik va hamkorlikka bog‘liq ekanini yaxshi anglagan. Shu bois ulamolar, donishmandlar, hunarmandlar, savdogarlar va harbiylar kabi turli toifalarni davlat hayotining muhim qismi deb bilgan. Bu esa mamlakatda ijtimoiy barqarorlikni saqlashga xizmat qilgan.

Amir Temurni ikki vaziri nazorat qilib turgan
Temurbek tomonidan tuzilgan davlatni boshqarish tizimi qiziqarli bo‘lib, bosh boshqarma – devon buzrugidan tashqari har bir viloyatda devon deb ataluchi boshqarma bo‘lgan. Devon barcha davlat ishlari, jumladan, soliq yiig‘ish, tartib saqlash, ijtimoiy binolar – bozorlar, hammomlar, yo‘llar, sug‘orish tarmoqlariga qarab turish va aholining xulqiy-axloqiy harakatlarini nazorat ostiga olish kabi ishlar bilan shug‘ullanardi. Har bir devonda kirim va chiqimlarni hisobga olish daftarlari bo‘lgan. Daftarga kirim va chiqimlarni qayd etish turkiy tilda olib borilgan. Temurbekning ko‘rsatmalariga ko‘ra har doim taftish va tergov qilish ishlari olib borilgan. O‘z amalini suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik, doimiy ichkilik, maishiy buzuqlik kabilar og‘ir gunoh hisoblanib, qattiq jazolangan.

Amir Temur tuzgan markaziy davlat tizimida bor-yo‘g‘i yettita vazir faoliyat yuritgan. Mamlakat va raiyat vaziri, sipoh vaziri, moliya ishlari vaziri, saltanat ishlarini yurituvchi vazir, 5-, 6- va 7-vazirlar tobe mamlakatlarni nazorat qiluvchi vazirlar bo‘lgan. Bu yetti vazir devonbegiga bo‘ysungan va u bilan ittifoqda muhim moliyaviy ishlarni amalga oshirgan. U faoliyati davomida hech bir hukmdor qo‘llamagan ishni qilgan, ya’ni o‘zini nazorat qiladigan ikki vazirni tayinlaydi. Sarkarda Mahmud Shahob Xurosoniy – harbiy sohada, alloma Nosiriddin Mahmud al-Aromiy – raiyat ishlari bo‘yicha Sohibkironning rais naqiblari bo‘lgan. Temur bu ikki vazir doimo uni kuzatib turishlari va agar u adolatsizlik qiladigan bo‘lsa, darhol uni to‘xtatishlarini, kimlarningdir yolg‘on so‘zlariga ishonsa yoki fuqaro mulkiga xiyonat qiladigan bo‘lsa, darhol ogohlantirishlarini buyurgan.

Ilm-fan va ma’rifat ahlini e’zozlagan

Sohibqiron har ishda yaqin odamlari, arkoni davlat va mamlakat a’yonlari bilan kengashib ish tutgan. Davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat bilan, qolgan bir ulushini qilich bilan hal qilgan. U davlat ishlari xususida biror qarorga kelishi oldidan shu sohaning bilimdon olimlari bilan maslahatlashib, keyin aniq bir to‘xtamga kelgan. Temur siyosatining yana bir muhim jihati insonparvarlik va bag‘rikenglik tamoyillaridir. U turli xalqlar va madaniyatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lib, ilm-fan va ma’rifat ahlini doimo e’zozlagan. Ulamolar, mashoyixlar va fuzalolar davlat himoyasida bo‘lgan. Misol uchun, qaysi hudud yoki mamlakatni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, o‘sha yerning obro‘-ye’tiborli kishilarini aziz tutib, sayyidlar, ulamolar, fuzalo va mashoyixlarga hurmat ko‘rsatgan. Ularga vazifa va maosh tayinlagan. Avliyolar, din peshvolarining mozorlari va maqbaralariga vaqf mulklari ajratib, u yerlarni obod ziyoratgohlarga aylantirgan. Bu esa jamiyatda ma’naviy muhitning yuksalishiga xizmat qilgan.

To‘lqin BO‘RIEV,

“Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi tarix bo‘limi mudiri.