Samarqand viloyat Kengashining sessiyasi

Unda viloyat mahalliy byudjetining joriy yildagi ijrosi hamda 2019 yilgi byudjet parametrlari muhokama qilindi.

Sessiyaga kiritilgan masala yuzasidan viloyat moliya bosh bosh­qarmasi boshlig‘i B.Mirzayev axborot berdi.

Ta’kidlandiki, joriy yil yakuniga ko‘ra, viloyat mahalliy byudjetining daromadlar qismi barcha soliq turlari va boshqa tushumlar bo‘yicha 2017 yilga nisbatan 471 milliard so‘mga yoki 130 foizga o‘sib, 2 trillion 28,3 milliard so‘mni tashkil etilishi kutilmoqda. Byudjet daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida mahalliy byudjet xarajatlari yil yakuni bilan 3 trillion 478 milliard so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 45 foizga oshadi. Buning evaziga "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlari doirasida 29 ta qishloq va 4 ta mahallada boshlangan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini moliyalashtirishga 75 milliard so‘m ajratildi.

Shuningdek, aholining turmush sharoitini yaxshilash, ularni ish bilan ta’minlash, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida "Yoshlar – kelajagimiz" davlat dasturi doirasida 3,2 milliard so‘m hamda bandlik jamg‘armasi orqali "Mikrokreditbank" va "Xalq banki"ning ustav kapitallarini oshirish hisobiga 5 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratishga yo‘naltirilmoqda.

2019 yil uchun viloyat mahalliy byudjetining jami xarajatlari 4 trillion 31,8 milliard so‘mni tashkil etilishi belgilangan. Sohalar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, ijtimoiy soha xarajatlari 3 trillion 547,4 milliard so‘mni yoki umumiy xarajatlarning 88 foizini tashkil qiladi. Jumladan, ta’lim xarajatlariga 2244,9 milliard so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga 949,4 milliard so‘m, madaniyat sohasiga 29,1 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Sessiyada viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Sh.Axmedov, viloyat xalq ta’limi bosh­qarmasi boshlig‘i R.Yo‘ldoshev, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Jumaniyozov, madaniyat boshqarmasi boshlig‘i B.Sharafov taqdim etgan ma’lumotlar deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.

Hisobotlarda aytilishicha, viloyat xalq ta’limi tizimiga 2018 yilning 11 oyi davomida davlat byudjetidan jami 1 trillion 323 milliard 342 million so‘m xarajat amalga oshirilgan. Bundan tashqari, viloyatda sog‘liqni saqlash tizimida aholi uchun zarur sharoitlarni yaratish maqsadida investitsiya dasturiga muvofiq 36 ob’yektda 70 milliard 250 million so‘mlik qurilish va ta’mirlash ishlari bajarildi. Viloyatdagi davolash-profilaktika muassasalari 545 ming dollar miqdoridagi "Salomatlik 3" loyihasi va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 4 milliard 8 million so‘mlik zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.

Alimova Gavhar Zayirovna viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi etib tasdiqlandi.

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Musayev ishtirok etdi.