So‘rovnoma natijalari: 70 foiz ishtirokchi hashamatli to‘y tarafdori emas

Oldinroq telegramm kanalimizda “Hashamatli to‘y o‘tkazuvchilarga qanday munosabatdasiz?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazilgandi. Kutilganidek, aksariyat ishtirokchilar to‘yni ortiqcha isrofgarchilik va manmanlik deb bilishi ma’lum bo‘ldi.

So‘rovnomada 2800 dan ziyod foydalanuvchi ovoz bergan bo‘lib, shundan faqat 31 foizi savolga “Bu har kimning o‘z ishi” deya javob bergan.

Qolgan ishtirokchilar (salkam 70 foiz) esa u yoki bu tarzda hashamatli to‘y tarafdori emasligini bildirgan. Jumladan, 26 foiz respondentlar hashamatli to‘y qiluvchilarga nisbatan “Bu – mol dunyosini ko‘z-ko‘z qilish, manmanlik” degan javobda to‘xtalgan. 27 foiz ishtirokchilar hashamatli to‘yni “Yillab yiqqanini havoga sovurish” degan fikrda bo‘lsa, 16 foiz ishtirokchi hashamatli to‘y shunchaki “Keraksiz orzu-havas” degan fikrda.

So‘rovnoma ishtirokchilari alohida tartibda o‘z fikr-mulohazalarini ham yozib yuborgan. Ularning ham aksariyatida hashamatli to‘y yoqlanmagan. Xususan, foydalanuvchilardan biri bunday to‘ylar, avvalo, uvol ekanini ta’kidlab, 10 kishilik stolda 30 kishiga yetadigan taomlar tortilishiga e’tibor qaratgan.

Husniddin Rustamov ismli ishtirokchining fikrlarini esa shundayligicha keltiramiz:

“Dabdabali to‘yga ham yaxshigina pul ketadi. Ko‘ryapmiz, kuzatyapmiz, to‘ydan keyin uzoqqa bormay yoshlar ajrashib ketishyapti. Vaholanki, shu to‘yga ham birovlardan yaxshigina qarz olib qilib, ancha oilaviy sharoiti yomonlashib qolganlar bor. Ba’zi oilalar kichkina, ixcham to‘y qilib, qarindoshlar qo‘ni-qo‘shni chaqirib, to‘y qilib baxtli yashayotganlarni ko‘ryapmiz. Bir-biriga maqtanib, birovni infarkt yo kasal qilishdan nima foyda? Yana deng, to‘ydan keyin ba’zi urf-odatlarni chiqarib oladi. Tug‘ilgan bolaga bir dunyo latta-putta, zeb-ziynat. Eee, gapirsa gap ko‘p...

Anvar Mustafoqulov tayyorladi.