Soxta aviachiptalarni sotib, 38 nafar fuqaroni chuv tushirgan firibgarlar ushlandi
- 15.04.2020 20:11
- 176
- Jinoyat va jazo
Qarshi shahrida joylashgan MChJ ijrochi direktori, 33 yoshli L.E., shu MChJ ta’sischisi 32 yoshli I.M. va g‘aznachisi, 47 yoshli J.Sh.lar bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, 2020 yil 8 yanvar kunidan 15 fevral kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida fuqarolarga “Qarshi-Moskva”, “Samarqand-Moskva” va “Toshkent-Moskva” yo‘nalishlari bo‘yicha aviareyslar uchun noqonuniy, ro‘yxatdan o‘tmagan chiptalarni sotishgan.
38 nafar fuqarolarning jami 75.284.476 so‘m miqdoridagi pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, ushbu pullarni o‘zlarining ehtiyojlari uchun sarflab yuborganliklari aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Qarshi shahri bo‘yicha IIO FMB 2-IIB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a,b” bandlari (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.