"Samarqand-Moskva" yo‘nalishi bo‘yicha chipta pulini qaytarmagan aviakassa xodimi qamoqqa olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Joriy yilning 1 noyabr kuni zarnews.uz caytida Payariq tumanida yashovchi fuqaro R.Mo‘minova tomonidan yo‘llangan “Pulimni kim undirib beradi? Moskvaga ucholmay qolgan bir men emasman” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi.
Maqolada Payariq tumanidagi aviakassa xodimidan "Samarqand-Moskva" yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta olib, qo‘lida bileti bo‘lgani holda ucholmagani, uzoq vaqtdan buyon 8 million so‘mdan ortiq pullarini ham qaytarib ololmayotganini bayon etilgan. Fuqaroga ko‘ra, u Payariq tuman IIBga holat bo‘yicha ariza yozgan. 2021 yil avgust oyida IIB tergovchisi uni chaqirib, qo‘liga 2021 yil 28 yanvardagi “Jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida”gi qarorni tutqazgan.
Maqola e’lon qilingach, oradan bir necha kun o‘tib (4 noyabr kuni) holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda viloyat Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tahririyatga ma’lum qildi.
“Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudining 2021 yil 8 iyuldagi ijro varaqasiga asosan qarzdor Ortiqov Xurshiddan undiruvchi Normuratov Sunnat foydasiga 7.886.250 so‘m asosiy qarz va 315.150 so‘m davlat boji, jami 8.201.400 so‘m undirish belgilangan va sudning ijro hujjati asosida byuroning Payariq tuman bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan.
Ijro tadbirlari davomida aniqlanishicha, fuqaro Xurshid Ortiqov Chelak shahrida aviachiptalar sotish shoxobchasi ochib, bir qator fuqarolarga soxta chiptalar sotib, qo‘lga kiritgan pullarni o‘z manfaatlari yo‘lida o‘zlashtirib yuborgan.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 421-moddasiga asosan 2021 yil 23 avgustda qarzdor X.Ortiqovning O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqlariga vaqtincha cheklov o‘rnatilgan.
Qarzdorning yashash manzili bir necha marotaba ko‘zdan kechirilgan, mutasaddi tashkilotlardan tegishli ma’lumotlar olingan, biroq uning nomida va xonadonida undiruvga qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulklari yo‘qligi, qarzdor X.Ortiqovning o‘zi ijro hujjatida ko‘rsatilgan manzilda 2020 yildan buyon yashamayotganligi aniqlangan.
Olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdor X.Ortiqovdan undiruvchi S.Normuratovning foydasiga 250.000 so‘m undirilgan. Hozirgi kunda qarzdorlikni majburiy tartibda undirish choralari ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, Payariq tuman IIB tergov bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2021 yil 4 noyabrda qarzdor X.Ortiqovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan (firibgarlik) jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi MIB Samarqand viloyati boshqarmasi munosabatida.