So‘z erkinligi: sukutdagi tomoshabinlar bilan uni asrab qololmaymiz
Har safar shu so‘zdan og‘rinaman: “Yozmang!” Juda ko‘p davralarda turli kasb egalari bilan suhbatimiz jarayonida gap aylanib, soha kishilarining yutug‘u muammolariga borib taqaladi. O‘z sohasini yaxshi tahlil qila oladigan insonlar bilan suhbatlashishning ham gashti o‘zgacha aslida. Juda ko‘p kuzatganman, ular o‘z muammolarini ayta turib, uni hal etilishini istashlarini bildirishadi. Ammo... Ammo bu haqda ommaviy axborot vositalarida yoritish taklifiga keskin rad javobini berishadi. Qizig‘i, hatto ba’zida ismini oshkor qilmaslik sharti bilan ham bu mavzuda yozmasligimni iltimos qilishadi. To‘g‘ri, ko‘p hollarda bu “iltimos”lar ko‘pam o‘zini oqlamaydi, mazkur fikrlar mulohaza, taklif sifatida baribir nashr yuzini ko‘radi. Afsuski, aniq fakti berilmagan maqolaga e’tibor, yoki unda ko‘tarilgan masalaga munosabat kutilganiday bo‘lmaydi. Ularga bu shunchaki mulohazalar sifatida yondashiladi.
Bu kabi holatlarga bir yo ikki emas, o‘nlab murotaba duch kelganim uchunmi, biz bugun so‘z erkinligi deb bong urayotganimiz faqat jurnalistlargagini tegishli emasligiga qayta-qayta amin bo‘laveraman. Umuman, so‘z erkinligi o‘zi nima, u qachon paydo bo‘lgan o‘zi? Nega bizda mutaxassislar u yoki bu sohadagi muammolarni ochiq gapirishdan hanuzgacha cho‘chishadi? Maqola shu haqda.
Erkinlik bu – ikki karra ikki to‘rt ekanligini aytish imkoniyatidir
Keling, avval so‘z erkinligi nima, u qachon, qayerda shakllangan kabi savollarga javob topsak. So‘z erkinligi haqiqatni qaror toptirish, o‘z-o‘zini boshqarish, siyosiy tizimning moslashuvchanligini ta’minlash, shaxsning o‘zini o‘zi takomillashuviga erishuvi, insonning tabiiy huquqlari va ularni himoya qilish masalalari bilan chambarchas bog‘liq. Tarixiy jihatdan u xabardorlikni ta’minlash hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining asosliligini qo‘llash sifatida paydo bo‘lgan. 1689 yilda Buyuk Britaniyada Konstitutsion akt sifatida qabul qilingan “Huquqlar to‘g‘risidagi bill” (“Aholining huquq va erkinligini ta’minlash hamda qirollikka merosxo‘rlik tartibini belgilovchi Akt”) parlament a’zolariga qirollik va amaldorlarning ishlarini muhokama qilish uchun to‘liq erkinlikni kafolatladi. Bularsiz uning ishi samarasiz bo‘lishi rasman tan olindi. So‘z erkinligining bu xususiyati bugungi kunda hatto avtoritar rejim hukm surgan davlatlarda ham qadrlanib, ular o‘z barqarorligini ta’minlash, joylardagi asl vaziyatni bilish maqsadida “ozodlik orolchalari”ni (misol uchun chekka hududlardagi ommaviy axborot vositalariga erkinlik berib qo‘yiladi) qoldiradi. Bunday erkinlik haqiqatni qaror toptirishda muhim omil sifatida ko‘rila boshlandi.
J.Mill yozganidek, “Fikrlarni bostirishning yomon jihati shundaki, butun insoniyat bu g‘oyaga qarshi bo‘lganlar uning tarafdorlaridan ko‘proqdir. Agar fikr to‘g‘ri bo‘lsa, ular yolg‘onni haqiqat bilan almashtirish imkoniyatidan mahrum, agar u yolg‘on bo‘lsa... ular yolg‘on bilan bo‘yalgan haqiqatning aniq ko‘rinishi va tasvirini yo‘qotadilar. To‘liq so‘z erkinligi haqiqatda da’volarni oqlashning zaruriy shartidir”.
“Fikrlar va ularning erkin ifodasi insonning eng qimmatli huquqlaridan biridir; shuning uchun har bir fuqaro erkin so‘zlashi, yozishi, chop etishi mumkin, faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda ushbu erkinlikni suiiste’mol qilish uchun javobgardir”. (“Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasi”, 11-modda.)
Jorj Oruellning 1948 yilda yozilgan “1984” asaridagi Uinston Smit ismli qahramoni “Davlat 2+2=5 ni haqiqat deb e’lon qila oladimi, degan savolga javob beradi. Agar hamma bu haqiqatga ishonsa bu uni haqiqatga aylantiradimi? Smit shunday xulosaga keladi: Erkinlik bu – ikki karra ikki to‘rt ekanligini aytish imkoniyatidir. Agar shunga ruxsat berilsa, qolgani shuning ortidan keladi.
J.Russo va u kabi ko‘plab faylasuflar so‘z erkinligi madaniyatini o‘rgatish zarur, degan fikrda. Ularning fikriga ko‘ra, haqiqatni aniqlash uchun munozara olib borish va muqobil nuqtai nazarlarga nisbatan bag‘rikeng jamiyatda taraqqiyot va hamjihatlikni yo‘lga qo‘yishda yordam beradi.
To‘g‘ri, turli jamiyatlarda so‘z erkinligiga nisbatan murosasiz qarashlar doim bo‘lgan. Ba’zi mutafakkirlar so‘z erkinligiga jamiyatni tayyorlash, bu madaniyatni shakllantirish muhim, deb hisoblashsa, ba’zilar har qanday cheklov so‘z erkinligiga taqiq sifatida qabul qilinishi kerak, deb hisoblaydi.
Masalan, A.De Tokvilning fikriga ko‘ra esa “mas’uliyatli fuqarolar” tarbiyasi sof ta’limdan tashqariga chiqadi va aslida senzurining bir turi hisoblanadi, chunki u shaxsiy e’tiqodlarni ijtimoiy axloqqa bog‘liq qiladi. Bir qator zamonaviy tanqidchilar fikrlashning mustaqilligini yo‘qotish ijtiomiy ongni manipulyasiya qilish xavfini oshirishini ta’kidlaydi.
Shunga qaramay, demokratik mamlakatlar aholisining aksariyati (ayniqsa konservatorlar) shaxsiyat borasida bunday aralashuvni u yoki bu darajada asosli deb biladi.
“Haq so‘z aytaman, deb ishdan ayrilishni hech kim istamaydi”
-Xolis va ochiq so‘z har bir jamiyatda o‘z qadriga ega bo‘lgan, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Sulaymon Husainov. – O‘z qadrini bilgan, jurnalistligini anglagan inson har qanday vaziyatda haq so‘zni aytishga harakat qilishi kerak. Bu balandparvoz gap emas, jurnalistning nonidir. Hech esimdan chiqmaydi, bir gal oblkom (hozirgi viloyat hokimligi) tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh tarkibida bir kolxoz faoliyatini o‘rganishga bordik. O‘sha paytlar bu kabi o‘rganishlar katta yig‘ilish oldidan, albatta negativ xarakterga ega bo‘lishi kerak edi. Ya’ni mazkur o‘rganishlar natijalari yig‘ilishda aytilib, o‘sha muassasa rahbari ishdan bo‘shatilishi kerak edi. Men bilan birga borgan guruh a’zolari zo‘r berib, o‘sha idora faoliyatidan qildan qiyiq izlaganday kamchilik izlashardi. Chunki kolxoz viloyatning eng oldi hududlardan bo‘lib, ishi ijobiy jihatdan ko‘zga ko‘rinib qolgandi. Kolxoz raisi ham asl sababini bilgani uchun o‘zini oqlamas, “o‘zlaring bilasizlar” deganday taftishga beparvo qarab o‘tirardi. (Aniqlanishicha, u qaysidir amaldorning aytganini qilmagan).
Qaytganimizdan so‘ng ishchi guruhning boshqa a’zolarining barchasi mayda chuyda kamchiliklarni bo‘rttirib hisobot tayyorlashdi. Men unday qilolmadim. Hokimiyatdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
-Nega siz topshiriqni bajarmadingiz?
-Men topshiriqni bajardim, u kolxoz faoliyatini obdon o‘rgandim.
-Xo‘sh?!
-Kolxozdagi barcha ishlar risoladagiday yo‘lga qo‘yilgan ekan, rais ishdan ketadigan darajadagi kamchiliklar yo‘q u yerda. Mening yakuniy xulosam shu.
-Fikringiz qat’iymi?
-Albatta.
Shunday qilib, ushbu suhbatdan so‘ng, rostdan ham kelayotgan dushanba kuni yig‘ilish bo‘ldi va kolxoz raisi ishdan ketmadi! Bu voqeani qahramonlik qildim, degan ma’noda keltirayotganim yo‘q. Jurnalistning adolatli so‘zidan hayiqish doim bo‘lganligini bildirish uchun aytayapman. Ya’ni, qanday jamiyat bo‘lmasin, agar u yerda bilim, tafakkuri, xolisligi bilan nom chiqargan jurnalist bo‘lsa, uning so‘zi har doim qadrli bo‘lgan. Hatto doim o‘z aytganiday bo‘lishni istovchi hukumat vakillariga ham.
Afsuski, haq so‘zi bilan ozgina tanilgan jurnalistlar orasida uni suiiste’mol qilish holatlari ham ko‘p.
So‘z erkinligi jamiyatning barcha qatlamida bo‘lishi juda yaxshi hodisa, albatta. Ammo bunga erishish yo‘lidagi omillar juda ko‘p. Haq so‘zni aytaman, deb turli bosimlarga uchrash yoki oddiyroq qilib aytadigan bo‘lsak, ishdan ayrilishni hech kim istamaydi. Ish topish uchun yillar harakat qiladigan, yoki atrofida o‘zini mutaxassisligi bo‘yicha boshqa bironta ish topolmaydigan inson uchun erkin fikrni aytish rostdan ham oson emas. Ammo shunday ekan, deb qarab turmaslik kerak. Ayniqsa, bugun ijtimoiy tarmoqlardan istagan kishi axborot tarqatish imkoniga ega bo‘lib turgan bir paytda asl haqiqatni yashirishning iloji yo‘q.
-Har qanday jamiyatda toki jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik uchun jazo choralari qo‘llanilmas ekan, bu soha vakillari faoliyatiga cheklov bo‘laveradi, - deydi jurnalist Anvar Mustafoqulov. – Chunki aynan shu cheklovning o‘zi so‘z erkinligiga putur yetkazadi. Jurnalist soha vakili sifatida faoliyatiga nisbatan cheklovlar, adolatni aytgani uchun bo‘ladigan tazyiqlarga qaysidir ma’noda tayyor bo‘ladi. Ammo maqola, yoki lavha tayyorlashda, jurnalist surishtiruvi olib borishda aholining, ekspertlarning ham fikri juda katta ahamiyatga ega. Shunday payti jurnalistlar qiynalib qolishi faoliyatimiz davomida ko‘p uchraydi.
Rostdan ham shunday. Ehtimol, buning sabablari so‘z erkinligiga nisbatan mamlakatimizda hukm surgan uzoq yillik sukut sababdir. Haq so‘zni aytganlar taqdiri haqda tarqalgan turli gap-so‘zlar va boshqa shu kabi holatlar bizdagi ichki senzuraning yo‘qolmayotganiga sabab bo‘layotgandir.
Eng muhim mezon – odamlarni tinglay bilish
Bugunda dunyoda yoki mintaqalarda so‘z erkinligi darajasini o‘lchash bilan mashg‘ul qator tashkilotlar faoliyat yuritadi. Ular quyidagilar.
* Freedom of The Press – “Dunyoda matbuot erkinligi” reytingi “Ozodlik uyi” xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan e’lon qilinib, dunyo mamlakatlaridagi matbuot erkinligi holati to‘g‘risidagi tadqiqot va unga qo‘shilgan reytingni amalga oshiradi.
* Worldwide Press Freedom Index – Jahon matbuot erkinligi indeksi: har yili o‘tkaziladigan tadqiqot va unga hamroh bo‘lgan dunyo mamlakatlaridagi matbuot erkinligi holati to‘g‘risidagi reyting “Chegarasiz muxbirlar” xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan e’lon qilinadi.
* Media Sustainability Index – Ommaviy axborot vositalarining barqarorligi indeksi: IREX tomonidan nashr etiladi.
* African Media Barometer – Afrika ommaviy axborot vositalarining barometri: Friedrich-Ebert-Stiftung tomonidan olib boriladi.
Ushbu reytinglarning metodologiyalari nashr etilgan va ob’yektiv parametrlarni (masalan jurnalistlarning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq holda o‘ldirilganlar soni) va ekspertlarning sub’yektiv baholarini (masalan, ommaviy axborot vositalarida o‘z-o‘zini senzura darajasi) o‘z ichiga oladi. Miqdoriy ko‘rsatkichlar odatda ishonchli hisoblanadi, ammo statistik tahlil etilganda bu holat ham to‘liq qiyofani aks ettirmaydi, shuning uchun ular ko‘pincha sifatli parametrlar bilan to‘ldiriladi. Masalan, ommaviy axborot vositalarining ko‘pligi ularning xilma xilligi va keng ko‘lamli fikrlarni aks ettirishini anglatmaydi. Xolis yoki tasdiqlanmagan ma’lumotlarning tarqalishi ommaviy axborot vositalarining erkinligi konsepsiyasini obo‘sizlantiradi. Ba’zi tahlilchilarning fikriga ko‘ra, eng muhim mezon bu – ommaviy axborot vositalari fuqarolarni tinglaydimi yoki ularning nomidan ish ish tutadimi, shunda.
Ushbu indekslarga qo‘yiladigan usullarni tahlil qilish bir qator kamchiliklarni aniqladi. Ba’zi parametrlar me’yoriy xususiyatga ega, masalan ommaviy axborot vositalariga davlat mulkini yoki xususiy ommaviy axbolrot vositalariga davlat subsidiyalarini so‘z erkinligiga salbiy hissa sifatida ko‘rish.
To‘g‘ri, hozircha mamlakatimiz mazkur reytinglarda yuqori darajani egallay olayotgani yo‘q. Yuqorida ta’kidlanganiday, bunga so‘z erkinligidan uzoq yillik qo‘rquv, sukutdan afzali yo‘q, kabi ishonchlarimiz ham sabab bo‘lsa ajabmas. Ammo mavjud qo‘rquvlarga qarshi o‘laroq maydonga chiqayotgan So‘z erkinligi o‘z natijasini beradi, deb umid qilamiz. Bu esa barchamizning o‘z ovozimizni bildira olishimiz bilan ham belgilanadi. Zero, bitta yoki ikkita ovoz va millionlab sukutdagi tomoshabin bilan uni asrab qolishning hecham imkoni yo‘q.
Gulruh MO‘MINOVA, jurnalist.