“So‘zni jahon bag‘rida durdona bil”

Ona tili mamlakatning g‘ururi, iftixori hisoblanadi. Millatning madaniyati, ma’naviyati, ziyolilik darajasi ona tiliga munosabatda ham aniq ko‘rinadi. Bu borada buyuk mutafakkir va shoir, davlat va jamoat arbobi Mir Alisher Navoiy ona tilining nihoyatda boy, go‘zal, takrorlanmas til sifatidagi imkoniyatlarini o‘zining shoh asarlari orqali isbotlab bergan.

Masalan, «Xazoyin ul-maoniy», “Xamsa”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, «Mahbub ul-qulub» kabi shoh asarlari ona tilimizdan mohirona foydalanishning o‘ziga xos mahorat maktabi vazifasini o‘taydi.

Alisher Navoiy so‘zning qudrati haqida to‘xtalib, u inson uchun zarur qurol va manba ekanligini bayon etadi. Masalan:

Donau dur so‘zini afsona bil,

So‘zni jahon bag‘rida durdona bil.   

Yoki:

So‘z qotig‘i el ko‘ngliga ozor aylar,

Yumshog‘i ko‘ngillarni giriftor aylar.

Ona tilimizning boyligi, qudratini yuksak baholagan shoir «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarida uning fazilatlarini nihoyatda chiroyli tasvirlab beradi. Tilimizdagi so‘zlarni yulduzlarga o‘xshatish bilan ularning nihoyatda ko‘pligi, xilma-xilligi va bir-biriga o‘xshamasligini aks ettiradi.

Sir emas, har qanday kishi so‘zlashdan oldin so‘zlarni tanlaydi, ularni saralab, zarurini, ma’qulini ishlatadi. Har bir so‘zni ishlatganda ham boshqalarga ozor  yetkazmasdan, ma’nosini hisobga olib qo‘llaydi. So‘zlar insonning eng nozik tuyg‘ularini ifodalash bilan birga kishining hissiyotiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun so‘zning qudratidan boshqalarga ozor berish uchun emas, ularni ruhlantirish uchun mohirona foydalanish zarur. Bu haqda so‘z yuritganda  Navoiyning «Tilga e’tiborsiz - elga e’tiborsiz», degan so‘zlari zamirida naqadar chuqur hayotiy haqiqat mujassam. Hazrat Alisher Navoiy fikrlarining bugungi kun uchun ahamiyati ona tilimizga yanada e’tiborli bo‘lishga undaydi. 

Buyuk bobomiz Navoiy merosi o‘ziga xos ijod, mahorat bulog‘idir. Bu buloqdan mahorat bilan foydalanish, uning go‘zalligini yozma va og‘zaki nutqimizda namoyon eta olish, boy imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, nutq madaniyatiga e’tibor berish asosiy vazifalardandir. Demak, har birimiz til ma’naviyati va nutq madaniyatini egallash, savodxon, mahoratli va notiq bo‘lish, ta’sirchan yozish va gapira olish uchun Alisher Navoiy merosini chuqur o‘rganishimiz zarur. Barkamol avlod tarbiyasida ham eng muhim manbalardan biri Hazrat Navoiy merosidir. Zero, davlat tili haqidagi qonunning talabi ham shu – o‘zbek tilining mavqeini yanada ko‘tarish bilan uning ham yurtimizda, ham dunyo miqyosidagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaklikka olib chiqish, ajdodlar an’anasiga sodiq qolib, uning go‘zalligini keng namoyish qilish, boyitib borish, yuqori nutq madaniyati va mahoratiga erishishdir.

Akbar ABDUSAIDOV,

Samarqand viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi o‘rinbosari, xalq deputatlari Oqdaryo tumani Kengashi deputati.