Sport xabarlari

Viloyatda sport turlari ommalashadi

Prezidentimizning shu yil 24 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimining qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, viloyatda jismoniy tarbiya va sportni 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2020 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l haritasi” ishlab chiqildi. Endi yil davomida ikkinchi tashabbus doirasida “Yoshlar haftaligi”, “Mahalla va nuroniylar haftaligi”, “Ta’lim muassasalari haftaligi”, “Xotin-qizlar haftaligi” munosabati bilan sport tadbirlari o‘tkazilib boriladi.

Shu oydan boshlab Navro‘z umumxalq bayrami arafasida milliy kurash, uloq-ko‘pkari, chillak, mindi, lanka, beshtosh, varrak uchirish kabi musobaqalar o‘tkaziladi. Mart oyidan “Hokim kubogi”, “Rahbar kubogi”, “Do‘stlik spartakiadasi” musobaqalari tashkil etiladi. Shuningdek, oktyabr oyida “Save Aral” xalqaro ekomarafon bo‘lib o‘tadi.

Xotin-qizlar sporti

Joriy yilning yanvar oyi davomida viloyatimizning barcha hududlarida faol bo‘lmagan xotin-qizlar o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etildi.

Jumladan, ular joylardagi sport inshootlarida basketbol, voleybol, gandbol, velosport, stol tennisi, badminton, suzish, badiiy va sport gimnastikasi, akrobatika, gimnastrada, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha musobaqalarga hamda sog‘lomlashtirish gimnastikasiga jalb etildi. Bu kabi sport musobaqalari yil oxirigacha davom etadi.

Husan ELTOYeV.

Faxriylar dona surdi

Samarqand shahrida shaxmat va shashka bo‘yicha 60, 70, 80 va 90 yoshli faxriylar o‘rtasida musobaqa tashkil etildi.

“Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi, viloyat sport faxriylari kengashi, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda Samarqand shahar “Shatranj” shaxmat maktabi hamkorligida tashkil etilgan shaxmat bellashuvi rapid tizimida, olimpiya usulida o‘tkazildi.

Bahslarning yakuniy natijaliriga ko‘ra, shaxmatda 1-o‘rin Saidvali Rahmonov, 2-o‘rin Muhiddin Nabirayev va 3-o‘rin Solejon Muhitdinovga nasib etdi. Shashka bellashuvida 1-o‘rinni Svetlana Xudoyqulova, 2-o‘rinni Hakima G‘ulomova va 3-o‘rinni Muxarram Rahmonova qo‘lga kiritdi.

- Yoshligimdan jismoniy mashqlar bajaraman, - deydi 90 yoshli Zubaydullo Qodirov. - Og‘ir atletikadan viloyat musobaqasida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritganman. Viloyatda maorifning turli sohalarida mehnat qildim. Har kuni ertalab gimnastika mashqlari va shaxmat bilan shug‘ullanaman. Farzandlarim, nabiralarim ham mendan ibrat olib, sport bilan shug‘ullanishni odat qilishgan. Shu sabab bugungi bellashuvda g‘oliblar safidan joy oldim.

Salom HAKIMOV.

O‘zbek jang san’ati

Samarqand shahrida O‘zbek jang san’ati federatsiyasi raisi Po‘lat Usmonov ishtirokida maxsus yig‘in mashg‘ulotlari, seminar hamda master-klass bo‘lib o‘tdi.

O‘tkazilgan tadbirlarda 200 nafarga yaqin samarqandliklar mashg‘ulotlarda qatnashib, texnik-taktik mashqlar orqali O‘zbek jang san’atining yangi qirralarini egalladi. Muhimi, uchrashuvda federatsiya raisining o‘zi ishtirok etgani bu sport turiga endi kirib kelayotgan yosh yigit-qizlarning qiziqishini oshirdi.

Uchrashuvda mahoratli murabbiy va sportchilar nomlari tilga olinib, ikki nafar yosh sportchi “Sport ustasi” unvoniga ega bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz: hozirda samarqandlik sportchilar 14-16 fevral kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan O‘zbek jang san’ati bo‘yicha O‘zbekiston chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Jamil YuSUPOV.

Muaytay

Payariq tumani, Ernazar qo‘rg‘on mahallasida tug‘ilgan Suhrob Davronov 5 yoshidan sportga mehr qo‘ydi.

U hozir 16 yoshda. Yosh bo‘lishiga qaramasdan, o‘zi o‘qiydigan 73-umumiy o‘rta ta’lim maktabida muaytay bo‘yicha to‘garak tashkil etib, 50 nafarga yaqin tumandoshlarini o‘z ortidan ergashtirmoqda. Sportchi-murabbiy uch karra O‘zbekiston chempionidir. Suhrob 2019 yil Tailandning Pattaya shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush medalini qo‘lga kiritdi. Yaqinda, erishgan yutuqlari va intiluvchanligi hisobga olinib, muaytay bo‘yicha “Sport ustasi”, degan nomga sazovor bo‘ldi.

Hozirda u Samarqand shahrida tajribali sportchi Sherali Jo‘rayev qo‘l ostida shu yilning mart oyida Tailandning Bongkok shahrida bo‘lib o‘tadigan muaytay bo‘yicha jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. 

***

Samarqand shahrida muaytay bo‘yicha 2008-2011 yillarda tug‘ilgan yoshlar o‘rtasida viloyat chempionati o‘tkazildi.

100 nafardan ortiq sportchi bellashgan musobaqa yakunida eng ko‘p medallarni Samarqand shahri muaytaychilari qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar payariqlik hamda pastdarg‘omlik muaytaychilarga nasib etdi.

Futbol

Samarqand shahrida Prezidentimizning 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda shu yil 24 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” farmonida belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev farmonlarda keltirilgan vazifalardan kelib chiqib, chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va ijrosi o‘z muddatlarida bajarilishi yuzasidan boshqarma hodimlari hamda sport ta’lim muassasasi rahbarlari bilan kelishib oldi.

Qo‘l jangi

Samarqand shahridagi sport yakka kurashlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida qo‘l jangi bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida viloyat chempionati tashkil etildi.

Hududlardan kelgan 150 nafardan ortiq sportchilar orasidan umumjamoa hisobida Samarqand shahrining “Pantera” jamoasi birinchi o‘ringa sozovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni “Dinamo-Motrid” va uchinchi o‘rinnni Oqdaryo tumani sportchilari egalladi.

“Universiada”

Viloyatimiz shu yilning 24-27 fevral kunlari o‘tkaziladigan “Universiada” sport musobaqasining gandbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi respublika final bosqichiga mezbonlik qiladi.

Musobaqalar Samarqand shahridagi sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida bo‘lib o‘tadi. Sport jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha SamDU shtab vazifasini o‘taydi.