Sport federatsiyalaridagi muammolar: Natijalar qoniqarsiz, homiylar biriktirilmagan, terma jamoaga sportchilar yetkazib berilmayapti

Yaqinda Prezident raisligida 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni kuchaytirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida badminton, yadro, disk, nayza uloqtirish, sakrash, yengil atletika, suv sporti, o‘q otish va yana bir nechta sport turlari bo‘yicha natijalar qoniqarli emasligi tanqid qilindi.

 Xo‘sh, Samarqandda-chi? Ahvol qanday?

Sport turlariga e’tibor qaratilyaptimi, sport federatsiyalarining natijalari qoniqarlimi, homiylar biriktirilganmi, sport federatsiyalari terma jamoaga sportchi yetkazib beryaptimi? Bu savollarga viloyatdagi sport federatsiyalari mas’ullaridan javob oldik.

Voleybol sport klubi nega tashkil etilmayapti?

Viloyatda  24 ta olimpiya, 4 ta milliy, 35 ta noolimpiya sport federatsiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, voleybol sport turidan 91 nafar murabbiy qo‘l ostida 2800 nafar o‘g‘il-qiz shug‘ullanadi. Voleybol federatsiyasi viloyat bo‘limi ijrochi direktori G‘olib Maxsumovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibiga uch nafar sportchi qabul qilingan bo‘lsa, keyingi yillarda terma jamoaga sportchilar yetkazib berilmayapti. Chunki sportchilarning shug‘ullanishi uchun baza yo‘q, federatsiya uchun bino ajratilmagan, sport jihozlari yetishmaydi.

- Qaysidir tashkilot  musobaqalarni tashkil etishda yordam so‘rasa, faqat musobaqa nizomini tuzib beramiz va hakamlik qilamiz, - deydi  G‘.Maxsumov. - Doimiy musobaqalar o‘tkazish, safar turnirlarida qatnashish va yuqori natijalarga erishgan sportchilarni taqdirlashga mablag‘ yo‘q. Biz esa jamoatchilik asosida ishlaymiz, xodimlarga maosh tugul, rag‘batlantirish ham berilmaydi. Shunday bo‘lsa-da, yoshlarning qiziqishi va ularning sport formasida bo‘lishi uchun imkon darajasida sport maktablari trenerlari hamkorligida musobaqalarni o‘zimiz tashkil qilamiz. 

- Prezidentimizning 2024 yil 19 iyundagi “Voleybol sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Samarqandda iqtidorli sportchilarni saralash tizimini yaxshilash, voleybol  sport turi bo‘yicha zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish hamda milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini ta’minlash maqsadida voleybol sport klubi tashkil etilishi kerak edi, - deydi voleybol bo‘yicha viloyat terma jamoasi bosh murabbiyi Jo‘rabek Nabiyev. – Biz qaror asosida ushbu klub faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida viloyat sport boshqarmasiga loyiha tayyorlab berdik. Loyiha viloyat hokimligiga taqdim etilgani aytildi. Biroq oradan bir yil vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, masala suvga cho‘kkan tosh kabi jimib ketdi.

Badminton olimpiya sporti turi, ammo...

Badminton olimpiya sport turiga kiradi. Federatsiyaning viloyat bo‘limi 2014 yilda tashkil etilgan bo‘lib, shug‘ullanish uchun baza ajratilgan.

- Hozirgi kunda 25 nafar trener-o‘qituvchi qo‘l ostida 1300 nafardan ziyod yoshlar badminton bilan shug‘ullanib kelmoqda, - deydi badminton federatsiyasi viloyat bo‘limi ijrochi direktori Marat Muhammadiyev. - Federatsiya tomonidan respublika terma jamoasiga bor-yo‘g‘i 2 nafar sportchi yetkazib berilgan. Chunki aksariyat hududlarda kadrlar, sport jihozlari yetishmaydi. Homiylar biriktirilmagani va mablag‘ yo‘qligi uchun musobaqalar ham deyarli tashkil etilmaydi. Viloyatda badminton sport turini rivojlantirish borasida tadqiqot ham olib boryapman. Jumladan, yaqinda badminton bilan shug‘ullanuvchilar uchun “Badminton” mobil ilovasi va “Badminton academy” onlayn platformasini yaratdim. Ushbu platformalar orqali innovatsion usulda ushbu sport turini o‘rganish mumkin. Biroq mashg‘ulotlarni amalda bajarish talab etiladi va buning uchun qulay sharoit bo‘lishi kerak.

Sport maktablarida regbi yo‘nalishi nega yo‘q?

Regbi federatsiyasining viloyat bo‘limi 2017 yilda tashkil etilgan. Biroq 2020 yilda faoliyat boshlagan. Ayni paytda 10 nafar trener qo‘l ostida 200 nafarga yaqin yoshlar shug‘ullanadi. Viloyatda mazkur sport turiga ixtisoslashgan maxsus baza yo‘q, homiylar yo‘q. Shu sababli  mashg‘ulotlar Toyloq tumanidagi sport maktabida olib boriladi.

Regbi sport turi bo‘yicha viloyat terma jamoasi bosh treneri Zafar Berdiqulovning ma’lum qilishicha, sakkiz yillik faoliyat davomida regbi bo‘yicha milliy terma jamoaning asosiy va zaxira tarkibiga 12 nafar sportchi qabul qilingan, xolos. Ushbu olimpiya sport turining rivojlanmayotganiga asosiy sabab viloyatdagi aksariyat sport maktablarida regbi sport turi yo‘nalishi yo‘q va trenerlarga shtat ajratilmagan.

Federatsiyalar reytingiga ko‘ra, dzyudo, eshkak eshish, yunon-rum kurashi, yengil atletika, gimnastika, kurash va sambo sport federatsiyalari yaxshi natija ko‘rsatayotgan bo‘lsa, 20 ga yaqin sport turi - basketbol, suzish, gandbol, penchak silat, erkin kurash, qilichbozlik, ot sporti, voleybol, sportning texnik va o‘q otish, tennis federatsiyalari qoniqarsiz natija qayd etmoqda. Misol uchun, o‘q otish federatsiyasining viloyat bo‘limi bir yildan beri faoliyat ko‘rsatmayotgan bo‘lsa, keyingi yillarda kikboksing, shotakan karate, o‘zbek jang san’ati federatsiyalari O‘zbekiston milliy terma jamoalari tarkibiga sportchi yetkazib bermayapti.

Sport federatsiyalaridagi ushbu muammolar yechimi, ularning monitoringi bo‘yicha ma’lumot olish uchun viloyat sport boshqarmasiga murojaat qildik. Afsuski, “Federatsiyalar alohida tashkilot, bizga qarmaydi, ularni nazorat qiluvchi tashkilot biriktirilmagan” degan javobdan boshqa hech narsa ololmadik.

Aytish joizki, sport federatsiyalariga viloyatdagi sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilot mas’ullari va sportchi-trenerlar biriktirilgan. Ammo ular jamoatchilik asosida ishlaydi. Shuning uchun musobaqalar o‘tkazish, shug‘ullanish uchun bazalar yo‘qligi, sportchilarni rag‘batlantirish, sport anjomlari va kadrlar bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmoqda. Shuningdek, federatsiyalarning faoliyatini monitoring qiladigan tashkilot yo‘q. To‘g‘ri, federatsiyalar nodavlat tashkilot, lekin ularga imtiyozlar berilmagan, qo‘shimcha grantlar, rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi me’yorlar ham belgilanmagan.

Xullas, ushbu muammolarni aytgan bilan amalda hal qilinmasa, muammoligicha qolaveradi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.