Sport sohasida qanday korrupsiya holatlari uchrayapti?

Viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Jasur Nurmonov hamda soha mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillariga shu haqda ma’lumot berildi.
Dastlab sport sohasida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish va ularga barham berish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlanishicha, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini shakllantirish uchun boshqarmada korrupsiyaga qarshi kurashish jamoatchilik tuzilmasi, shuningdek, sport sohasida qonunbuzilish holatlari va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berish uchun vazirlik tizimida aloqa kanallari hamda ishonch telefonlari ishlamoqda.
– Viloyat sport boshqarmasi va uning quyi tizimlarida korrupsiya holatlarining oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida viloyat prokuraturasi bilan birgalikda “yo‘l xarita” ishlab chiqilgan, – deydi J.Nurmonov. – Shu asosida tizimda korrupsiya ehtimoli yuqori bo‘lgan ma’muriy kadrlarni tanlash, ish haqlarini hisoblash va to‘lash, sport ta’lim muassasalariga o‘quvchilarni qabul qilish, sport muassasalarining moddiy-texnik ta’minoti, trener-o‘qituvchilarga malaka toifasini berish, sport pasportini berish jarayonlari nazorat qilib borilmoqda.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 54 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, murojaatlarning yettitasi korrupsiyaga oid. Ushbu murojaatlar boshqarma mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, tegishli organlarga yuborilgan. Ular ishtirokida korrupsion holatlarning oldi olingan.
Matbuot anjumanida tizimda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsion holatlarning oldini olish, davlat byudjeti mablag‘laridan samarali foydalanish, ortiqcha ovoragarchilikka barham berish maqsadida sohadagi 24 ta yo‘nalishni qamrab olgan yangi “YeRP-Sport” yagona elektron boshqaruv tizimi ishga tushirilgani ham aytildi.
Xususan, vazirlik tizimidagi sport inshootlarida pullik xizmat ko‘rsatish jarayonlari (elektron biletlar, abonement va boshqa to‘lovlar)ning avtomatlashtirilgan “Xizmatlar nazorati” axborot tizimi joriy qilinib, inson omili aralashishiga chek qo‘yilgan. Davlat byudjetidan sport sohasi uchun ajratiladigan va byudjetdan tashqari mablag‘lar taqsimlanishi hamda ishlatilishini to‘liq nazorat qilish uchun “Moliya” axborot tizimi joriy qilingan.
Shu orqali sport sohasiga ajratilayotgan mablag‘larning noqonuniy sarflanishi, talon-toroj qilinishining oldini olish bo‘yicha muntazam nazorat olib borilmoqda. Ilgari korrupsion holatlarga olib kelish mumkin bo‘lgan sport sohasida beriladigan, sertifikatlar, diplomlar va guvohnomalarni berish tartibi va holatlariga inson omili aralashishiga barham berilib, yagona elektron reyestr “Sertifikatlash” axborot tizimi ham faoliyatini olib bormoqda.