Sport xabarlari
Chim ustida xokkey
Samarqand shahrida chim ustida xokkey bo‘yicha 14 yosh va undan kichik bo‘lgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Unda Andijon, Farg‘ona, Buxoro, Sirdaryo, Xorazm hamda viloyatimiz terma jamoalari o‘zaro bahs olib bordi.
Qizg‘in kechgan musobaqa yakunida samarqandlik o‘g‘il va qizlar jomoasi birinchi o‘rinni egalladi.
Taekvondo
Samarqand shahridagi sport yakka kurashi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida taekvondo ITF bo‘yicha bolalar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida viloyat ochiq birinchiligi o‘tkazildi.
Musobaqada viloyatning barcha shahar va tumanlaridan tashqari, Andijon, Toshkent, Namangan, Sirdaryo, Jizzax, Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahridan 300 nafarga yaqin taekvondochilar bahsga kirishdi.
Bellashuv yakunida umumjamoa hisobida samarqandliklar birinchi o‘rinni egalladi. Toshkent shahri jamoasi ikkinchi va jizzaxliklar uchinchi o‘rin sohibi bo‘ldi.
Mini futbol
Samarqand shahrida aloqa va axborotlashtirish sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar xodimlari o‘rtasida mini futbol bo‘yicha respublika ko‘chma kubok musobaqasining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda respublikamizning barcha viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan jamoalar o‘zaro bahslashdi.
Bellashuv yakuniga ko‘ra, ko‘chma kubokni “O‘ztelekom” AKning Toshkent shahar telefon tarmog‘i filiali jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni AT “Aloqabank” jamoasi egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi terma jamoasi hamda viloyatimiz aloqachilariga nasib etdi.
Basketbol
Samarqand shahrida basketbol bo‘yicha erkaklar o‘rtasida O‘zbekiston basketbol federatsiyasi kuboki uchun musobaqa o‘tkazildi.
Qariyb bir xafta davom etgan musobaqada respublikamizning barcha hududidan kelgan jamoalar g‘oliblik uchun bellashdi. Yakunda viloyatimiz basketbolchilari birinchi o‘rinni egalladi. Qolgan o‘rinlarni xorazmlik va sirdaryolik basketbolchilar bo‘lishib oldi.
Husan ELTOYeV.