Sportchi bola - ota-ona g‘ururi

Kecha O‘zbek jang san’ati federatsiyasi viloyat bo‘limi uyushtirgan musobaqada ishtirok etib, ana shu fikrga keldim.

Sportchi bolalardan ko‘ra ularning ota-onalari, tanishlarining ko‘pchiligi menda ana shu fikrni paydo qildi. Zero, kichkintoylarning har bir chiqishini olqishlar bilan qo‘llab-quvvatlash jarayonga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Sportning o‘zbek jang san’ati turi kundan-kunga rivojlanib bormoqda. Esimda, bu sport turining joriy etilishi 2009 yildan boshlangan edi. Taniqli kurashchi Halim Yusupov bosh murabbiy, kamina esa federatsiyasga faxriy rais etib tayinlangan edim. O‘shanda 1 yil davomida bor-yo‘g‘i 150 nafar bolaning bu sport turi bilan shug‘ullanishini tashkil etganmiz, xolos.

15 yil ichida vaziyat quvonarli darajada o‘zgardi. Bugun viloyat bo‘yicha 3 yarim ming yigit-qiz o‘zbek jang san’ati bilan shug‘ullanmoqda. Hatto bolalar bog‘chalarida uning ixcham, oson usullari bo‘yicha kichik musobaqalar o‘tkazilmoqda. Shu kurash turiga ixtisoslashgan 15 ga yaqin jamoa paydo bo‘ldi.

Samarqand yakka kurash sport turiga ixtisoslashgan sport maktabida yil yakuni munosabati bilan o‘tkazilgan viloyat ochiq birinchiligida aynan ana shu yutuqlar qayd etib o‘tildi. Unda 200 nafar bolalar va o‘smirlar ishtirok etdi. Darvoqe, bu musobaqada 50 nafarga yaqin qizlar ham bellashdilar.

Tadbir avvalida federatsiya ijrochi direktori H.Yusupov o‘z hududlarida fidoyilik ko‘rsatgan murabbiylarga, eng ko‘p yutuqqa erishgan sportchilarga faxriy yorliq va sovg‘alar topshirdi.

Binobarin, shu yilning 2 mart oyida federatsiya sportchilari Osiyo va jahon kubogi musobaqalarida ishtirok etib, 13 ta oltin, 10 ta kumush, 21 ta bronza medallariga ega bo‘ldilar. Respublika musobaqalarida esa 6 marta ishtirok etib, jami 27 ta oltin, 22 ta kumush va 43 ta bronza medallari qo‘lga kiritildi. Viloyat miqyosida 4 marotaba ochiq birinchiliklar uyushtirildi.

Bolajonlarning quvonchini, ota-onalar hayajonini ko‘rib, havasim keldi. Demak, sport nafaqat salomatlik manbai, balki u bizning ma’naviyatimizni ham yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Yigit-qizlarning safda chiroyli turishi, jangdan so‘ng bir-biriga qilgan munosabati, tomoshabinlarning bee’tibor bo‘lmasligi, ayniqsa, davlat madhiyasi yangraganda baravariga jo‘r bo‘lishi ana shundan dalolatdir.

Ishonch komilki, o‘zbek jang san’ati har bir oilaga kirib boradi va har bir o‘g‘il-qizning sog‘lom, mard, ma’naviyatli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Farmon TOShEV.