“Srochno” sotilayotgan uy bo‘yicha prokuraturaga xat yuborildi

6 may kuni Zarnews.uz  saytida “Samarqandda noqonuniy qurilayotgan imorat "srochno" sotuvga qo‘yildi” sarlavhali xabar e’lon qilindi.

Unda muallif odamlar kimga ishonishi kerak, davlat xizmatchilari hamda vakillarigami yoki uddaburon quruvchilargami, degan savolni qo‘ygan. Chunki Samarqand shahri Geologlar mahallasi Ibn Sino ko‘chasidagi mazkur qurilish ob’yekti bo‘yicha avval “Yolg‘on ustiga qurilayotgan imorat” va "O‘zboshimchalik bilan olib borilayotgan qurilish to‘xtatildi" sarlavhali materiallar e’lon qilingandi.

Maqolada keltirilgan uyning “Srochno” sotuvga qo‘yilishi haqida 2021 yil 10 martda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon joylashtirilgan. Shundan so‘ng viloyat qurilish bosh boshqarmasi mutaxassislari joyiga borib o‘rganish o‘tkazgan va qurilishni to‘xtatish to‘g‘risida rasman ogohlantirgan.

Viloyat qurilish bosh boshqarmasi vakolat doirasida qurilish korxonasiga belgilangan tartib asosida va me’yorlarga amal qilgan holda qurilish ishlarini olib borish to‘g‘risida xabar qilgan. Ammo qurilish korxonasi ogohlantirishlarga qaramasdan qurilish ishlarini davom ettirgan.  

Samarqand shahar hokimining 2020 yil 28 avgustdagi qarorida “SHAXRUZ OBOD QURUVCHI” MChJ korxonasi bitim asosida o‘z zimmasiga olgan majburiyat va talablarni bajarmaganda yoki qisman bajarilmaganda ushbu qaror o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanishi belgilangan. Shahar hokimining ushbu qarori bilan qurilishga ruxsat berilgan yer maydoni doirasidan ortiqcha maydonni egallab olmasligi va qurilish ishlarini olib bormasligi haqida ham ogohlantirilgan. 

Biroq shunga qaramasdan qurilishni davom ettirayotgan “SHAXRUZ OBOD QURUVCHI” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirmasdan qurilish ishlarini olib bormoqda. Shu bois, shahar hokimining 2020 yil 28 avgustdagi 553-Q-sonli qarorining 6-bandiga asosan mazkur qarorni qayta ko‘rib chiqish hamda olib borilayotgan qurilish ishlariga qonunda belgilangan tartibda tegishli chora ko‘rishlik uchun Samarqand shahar hokimligi va Samarqand shahar prokuraturasiga yuborildi.

Viloyat qurilish bosh boshqarmasi axborot xizmati.