SSV: Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish elektron shaklga o‘tkazildi

2022 yil 1 sentyabrdan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan yurtimizda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik varaqalarini elektron shaklda rasmiylashtirish test-rejimida amaliyotga tatbiq etilgan edi.

Hozirga kelib, bu jarayonlar to‘liq yakunlanib, 2024 yil 1 yanvardan respublikaning barcha hududlarida mehnatga layoqatsizlik varaqalari va ma’lumotnomalarini faqat elektron shaklda rasmiylashtirish belgilandi.

Kasallik varaqalarini shakllantirishda 2 ta holat belgilangan:

— yaratuvchi (mehnatga layoqatsizlik varaqalarini yuritishga mas’ul tibbiy xodimlar: IT-operator hamshira, bosh hamshira yoki boshqa tibbiy xodim);

— tasdiqlovchi (bosh shifokor, uning o‘rinbosari, mudir).

Shuningdek, hozirda respublika tashkilotlari, xususiy klinikalar, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida bo‘lmagan boshqa vazirlik va idoralar tibbiy qismlarining rasmiy murojaati bo‘yicha ularga tasdiqlash imkoniyatlari berilyapti.

Tizimga kiritilgan mehnatga layoqatsizlik varaqalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” (my.gov.uz) axborot tizimi hamda “UZASBO” dasturiy ta’minotiga elektron shaklda yuboriladi.

Xususiy tashkilotlar xodimining mehnatga layoqatsizlik varaqalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarini olish uchun Mehnat.uz axborot tizimi hamda “UZASBO” dasturiy ta’minotiga integratsiya qilingan bo‘lishi lozim.