SSV: Oilaviy poliklinikalar va fuqarolar o‘rtasida bitim tuziladi
Endilikda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatuvchi tashkilot va unga biriktirilgan fuqarolar o‘rtasida bitim imzolanishi belgilandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tegishli buyruq qabul qilindi.
Unga ko‘ra, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatuvchi tashkilot va unga biriktirilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb e’tirof etilgan chet el fuqarolari, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (voyaga yetmaganlar uchun ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari) o‘rtasida tuziladigan bitim shakli tasdiqlandi.
Bitimga ko‘ra, aholiga:
- sog‘lom turmush tarziga rioya etish;
- o‘z tibbiy savodxonligini oshirish;
- shifokor ko‘rsatmalariga amal qilish;
- profilaktik va skrining ko‘riklardan belgilangan muddatlarda o‘tish talablari qo‘yiladi.
Oilaviy shifokor esa:
- aholini belgilangan tartibda qabul qilish va maslahat (yoki yo‘llanma) berish;
- tibbiy xizmatlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq hajmda ko‘rsatish;
- dori vositalarini to‘g‘ri tayinlash;
- kasalliklarni erta aniqlash, sog‘lomlashtirish tadbirlarini amalga oshirish kabi majburiyatlar yuklatiladi.
Bitimlarni imzolash 2024 yil 1 dekabrdan Sirdaryo viloyati va Toshkent shahridagi davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda amalga oshirilishi boshlandi.
Mazkur chora-tadbirlar davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari 2025–2026 yillarda bosqichma-bosqich joriy etiladigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2025 yil 1 yanvardan boshlab bajariladi, deya xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi.