SSV O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromovaning koronavirusdan vafot etganini tasdiqladi

Kecha O‘zbekiston xalq artisti, kino va teatr aktrisasi Dilbar Ikromova 73 yoshida vafot etgani xabar qilingan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi taniqli aktrisa koronavirusdan vafot etganini tasdiqladi.

"Bugun taqdim etilgan axborotda qayd etilishicha, Olmazor tumanida yashagan 81 yoshli M.I. (erkak) hamda Mirzo Ulug‘bek tumanida yashagan 73 yoshli D.I. (ayol), jami 2 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etgan.

Shuningdek, 2020 yil 26 avgust soat 10.00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 39790 (+126) nafarni tashkil etmoqda.

Yangi kasallanish holatlarining 105 nafari Toshkent shahrida, 8 nafari Samarqand viloyatida, 6 nafari Surxondaryo viloyatida, 5 nafari Namangan viloyatida hamda 2 nafari Toshkent viloyatida tana harorati ko‘tarilganligi sababli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Ayni paytda yurtimizda 35983 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar (90 foiz) sog‘aygan.

Hozirda mamlakatimizda 3518 nafar bemorga shifokorlarimiz tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda. Ulardan 294 nafari og‘ir, 110 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda", deyilgan SSV axborotida.