Sud hokimiyatining tom ma’nodagi mustaqilligi va xolisligiga erishish barchamizning muhim vazifamizdir

Aziz gazetxonlar! Sizlarga aytmoqchi bo‘lgan quyidagi fikr-mulohazalarimni anchadan buyon o‘ylab, mushohada qilib yurgan edim. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisga taqdim etgan tarixiy Murojaatnomasi katta turtki bo‘lib, qo‘limga qalam tutdim.

Nima uchun ushbu Murojaatnomani tarixiy deb atayapman?! Tarixiy deb atashimizga to‘liq asoslar bor. Nega deganda, davlatimiz rahbari tomonidan  mamlakatimizni rivojlantirish bilan bog‘liq ilgari surilgan tom ma’nodagi yuksak tashabbus va g‘oyalar tarixiy nuqtai nazardan nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi.

Murojaatnomada mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi marta mamlakatimiz aholisi o‘rtasidagi kambag‘allik bo‘yicha aniq statistik ma’lumotlar e’lon qilindi. Raqamlarga yana bir bor jiddiy e’tibor qiling: kam ta’minlangan, aniqrog‘i aholining kambag‘al qatlami hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan 12–15 foizni tashkil etadi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “... bu o‘rinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda”.

Va eng muhimi, kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilash bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yilib, unga barham berish yo‘llari ko‘rsatib berildi. Ular bilan tizimli ravishda ish olib borib, kasbga-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlikka jalb etish  orqali munosib ish joyi bilan ta’minlash uchun 700 million dollar ajratiladigan bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari o‘zining dasturiy ma’ruzalarida, keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv va muloqotlarda, ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlarida jamiyat va davlat hayotida ADOLATni qaror toptirish eng asosiy vazifa ekanligini bot-bot takrorlaydilar. O‘rni kelganda, quyidagi fikrlarini keltirib o‘tish joiz:

“Men bir fikrni takrorlashdan charchamayman: xalqimiz hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolatni hayotimizda tom ma’noda qaror toptirish eng asosiy vazifamizga aylanishi shart”.

Ayniqsa, muhtaram Prezidentimiz sud tizimi, uning mustaqilligini amalda ta’minlash haqida gapirganlarida adolat tushunchasi, uning xalqimiz hayotida naqadar muhim ahamiyat kasb etishini hijjalab tushuntiradi. Bu bejiz emas, albatta. Sababi, huquqiy demokratik davlat va ochiq, erkin fuqarolik jamiyati sharoitida adolatni qaror toptirish sud hokimiyati orqali amalga oshiriladi. Murojaatnomada Prezidentimiz bu borada alohida to‘xtalib, quyidagi fikrlarini aytib o‘tdilar:

“Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson, O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak. Aks holda, buyuk nemis faylasufi Immanuil Kant aytganidek, “Adolat yo‘qolgan paytda, hayotning qadrini belgilaydigan boshqa hech narsa qolmaydi”.

Bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak. O‘zbekistonda sudyalar qonunlarning tolmas himoyachilari, adolatning mustahkam ustunlari bo‘lishi lozim”.

Sud tizimida qariyb 54 yildan buyon ishlab kelayotgan sudya, qolaversa, sudyalar hamjamiyatining oliy organi bo‘lgan Sudyalar oliy kengashi rahbari sifatida Prezidentimizning ushbu fikrlari menga juda katta mas’uliyat yukladi, mamlakatimizdagi barcha sudyalar va sud tizimi xodimlari oldiga zalvorli vazifalar qo‘ydi.

Shuni unutmaslik kerakki, adolatni qaror toptirishda sud hokimiyati mustaqil va xolis bo‘lishi shart. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 106-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritishi”, 112-moddasida esa, “sudyaning mustaqilligi, faqat qonunga bo‘ysunishi, sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi” bilan bog‘liq degan konstitutsiyaviy qoida belgilangan.

Bugungi kunda ushbu Konstitutsiyaviy me’yorlarning ijrosi qanday ta’minlanyapti, degan haqli savol tug‘iladi. E’tirof etish kerak, so‘nggi uch yilda sud tizimining shiddat bilan demokratik tarzda yangilanishi O‘zbekistondagi sud hokimiyati rivojlanishining tom ma’noda yangi davrini boshlab berdi. Sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoyasi kafolatlarini kuchaytirish va odil sudlovga erishish darajasi oshdi. O‘tgan qisqa davr ichida zamonaviy konsepsiyaga asoslangan mutlaqo yangi yagona sud tizimi yaratildi. Shu tariqa sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipini amalda ta’minlash imkoniyati vujudga keldi.

Shuni ham aytishim kerakki, men bir amaliyotchi-huquqshunos sifatida bunga to‘la rioya qilinyapti deb ayta olmayman. Shubhasiz, barchamiz Konstitutsiya va qonunlarimiz talabidan kelib chiqib, sudning mustaqil va xolis bo‘lishini istaymiz. Sudya daxlsiz, davlat muhofazasida ekanligini bilamiz. Ammo ayrim shaxslar, ayniqsa, mansabdorlar har qanday holatda ham sud qarori o‘zlarining manfaatiga mos bo‘lishini juda xohlaydilar. Agar sud qarorida o‘sha mansabdor shaxsning chiqargan qarori yoki uning qonunbuzarlik xatti-harakatlariga qonuniy baho berilib, manfaatiga qarshi qaror chiqarilsa, o‘z mavqelaridan foydalanib, qandaydir yo‘llar bilan sudyaga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘ladilar. Bundaylarni huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etilayotgan yangi O‘zbekistonning mansabdor shaxsi deb bo‘ladimi? Yoki sudyalarning ayrim mansabdor shaxslar tomonidan o‘zlarining fuqarolarni qabul qilish vaqtlarida jalb etilishi, natijada ularni asosiy ishlaridan qoldirilish holatlariga nima deyish mumkin?

Hozirgi vaqtda sudlarga kelib tushgan barcha ishlar kompyuter dasturlari orqali sudyalarga, shu jumladan, sud raislariga ham barobar taqsimlanadi. Endi o‘ylab ko‘ring, sud raisi har kuni ish ko‘rishi kerak, ishlar tayinlanib, fuqarolar (jabrlanuvchi, sudlanuvchi, guvohlar va boshqa taraflar) sudga chaqirilgan bo‘ladi. Shunday bir holatda ishni keyinga qoldirib, sudya boshqa ishlarga jalb qilinsa, ularga nisbatan aholida ishonch yo‘qolmaydimi? Ming afsuski, sud sohasida bunday holatlar ham uchrab turadi. Bu esa ba’zi bir fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Amaliyotda sud ishlariga aralashish, sudyalarni ularga taalluqli bo‘lmagan ishlarga jalb etish, bir so‘z bilan aytganda, uning mustaqilligiga daxl qiladigan har qanday to‘siqlarga chek qo‘yish juda muhim masala. Prezidentimiz Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 27 yilligiga bag‘ishlangan anjumandagi ma’ruzasida va Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida bu haqda to‘xtalib, quyidagi qat’iy talabni qo‘ydi:

“Davlat idoralari mansabdorlari shuni chuqur anglab olsinlar: sudlar mustaqilligini ta’minlash masalasi bundan buyon ham shaxsan Prezidentning qattiq nazoratida bo‘ladi”. “Sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash biz uchun ustuvor vazifa, sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart, sud ishlariga aralashgan yoki unga qanday shaklda bo‘lmasin bosim o‘tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim”. 

O‘ylaymanki, endi o‘zini hurmat qilgan har bir mansabdor shaxs, u qaysi lavozimda ishlashidan qat’i nazar, muhtaram Prezidentimizning gaplaridan tegishli xulosa chiqarishi, qonun va sud oldida barchaning tengligini e’tiborga olgan holda sudning mustaqil va xolisligini ta’minlash hamda Konstitutsiyaviy burchlariga og‘ishmay amal qilishi zarur. Sudga va sudyalarga nisbatan boshqacha munosabatda bo‘lish ham mumkin emas.

Bundan tashqari, muhtaram Shavkat Miromonovich hali O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri lavozimida ishlab turgan davrida, ya’ni 2016 yil 2 mart kuni 62-sonli qaror bilan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ­xodimlarining namunaviy odob-axloq qoidalarini tasdiqlagan edi.

Unda  har bir rahbar, egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, qonuniylik, davlat va jamiyat manfaatlariga sodiqlik, adolatlilik, halollik va xolislikni ta’minlashga majburligi, ushbu masalalarda rahbar qo‘l ostidagilarga o‘rnak bo‘lishi, qonunga xilof xatti-harakatlardan o‘zini tiyishi, davlat xizmatchilari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin emasligi, o‘ziga yuklatilgan vakolati va majburiyati doirasida faoliyat yuritishi shartligi belgilab qo‘yilgan.

Ta’kidlash kerakki, tom ma’nodagi demokratik islohotlar amalga oshirilayotgan bugungi kunda har bir davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari halolligi, fidoyiligi, pokligi, lavozimini vijdonan bajarishi o‘z xalqiga va Prezidentiga sadoqatini ko‘rsatib turadigan asosiy omil bo‘lib hisoblanadi.

Shu o‘rinda yana bir jiddiy masala bo‘yicha fikr-mulohazalarimni bildirmoqchiman. Konstitutsiyamizda fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari, Konstitutsiya va qonun talablariga rioya etishlari, boshqa kishilarning huquqlari va erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari shartligi belgilangan.

Har birimiz ijtimoiy hayotda ushbu Konstitutsiyaviy majburiyat va burchlarimizga to‘la amal qilayapmizmi, deb o‘zimizga savol berishimiz kerak deb hisoblayman. Ayrim fuqarolarimiz o‘z haq-huquqlarini talab qilishda buzilgan huquqlarini himoyalashda qonun talablariga rioya qilmasdan, ayniqsa, sud qarorlaridan norozi bo‘lganlarida qonunlarimiz talabiga va ularga berilgan huquqlardan foydalanib, belgilangan tartibda yuqori bosqich sudlariga murojaat qilganlarida haddan tashqari his-hayajonga berilib, og‘ziga kelgan gaplarni gapirib, behayolik bilan o‘z maqsadlariga yetmoqchi bo‘ladi, bu yo‘lda hatto boshqa shaxslarni davlat xizmatchisi yoki mansabdor shaxslarni haqoratlab, obro‘sizlantirishga harakat qiladi. Shundaylarni ko‘rib, ularning xalqimizga xos bo‘lgan yuqori madaniyat, yuksak ma’naviyat va odob-axloqdan qanchalik yiroqlashib ketganiga afsus qilasan kishi. Har qanday haq-huquqlarimizni og‘ir-bosiqlik bilan, qonunlarimiz talabidan kelib chiqqan holda tegishliligiga qarab murojaat qilish yo‘li bilan hal etsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bugungi ochiqlik va erkin zamonda huquqiy madaniyatimiz ham shunga yarasha yuksak bo‘lishi lozim va bunga erishish tegishli davlat organlari va keng jamoatchilik oldida turgan dolzarb masalalardan biridir.

Mamlakatimiz fuqarolari bugun qonun va qonunosti hujjatlari bilan tanishish va ulardan foydalanish bo‘yicha har qachongidan ham ko‘proq imkoniyatga ega. Nega endi biz mavjud qonun, qoidalarga e’tibor bermasdan uni buzib qo‘yib, keyin sarson-sargardon bo‘lishimiz kerak. Aslini olganda bunga kim sababchi, o‘zimiz emasmi? Ayrimlarimiz qo‘lidan hech ish kelmaydigan, uning vakolati doirasiga kirmaydigan ishlar bo‘yicha firibgar-tovlamachilarga aldanib, sarson-sargardon bo‘lamiz, hattoki, ularga “ishimni bajarib berar ekan” deb pora beramiz. Ko‘zimizni ochib, aql bilan ish qilaylik, ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchilarga yoki sudga ishimiz tushganda nega aldanib pora berish kerak, u davlat odami-ku, yetarli darajada har oy ish haqi oladi, buni tushunib yetishimiz lozim deb o‘ylayman. Bundaylar manfaat ko‘rganlarida ham qonun doirasida ish qilib, sizni “yordam berdim” deb aldayotganiga nahotki aqlingiz yetmaydi.

Kelinglar, o‘z haq-huquqlarimizni baqir-chaqirsiz, kimlargadir aldanib unga manfaat keltirishdan tiyilib, qonun doirasida qilaylik va o‘zimizning huquqiy madaniyatimizni, ma’rifatimizni namoyon etib, qonun talablariga rioya qilishni o‘rganaylik.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, 2020 yil — Prezidentimiz tomonidan “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilinishi ayni muddao bo‘ldi. Gap shundaki, yuqorida keltirib o‘tilgan, xalqimiz orasida uchrab turgan ba’zi bir salbiy yondashuvlar ilm-ma’rifatdan uzoq odamlarga xosdir. Shu ma’noda ham Prezidentimizning ilm, ma’rifatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratganligi juda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu o‘rinda faqatgina yoshlarni bilimli, ma’rifatli qilib tarbiyalash emas, balki, butun jamiyat a’zolarini ilm va ma’rifatga oshno qilish lozimligiga alohida urg‘u qaratdi va quyidagi g‘oyalarni ilgari surdi.

“Xalqimiz shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yo‘l turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, o‘zimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz o‘zgaradi”.

“Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyat kerak. Ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi”.

Taniqli ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir” degan chuqur ma’noli so‘zlari naqadar haqiqat ekanini yaxshi anglaymiz.

Ushbu Murojaatnoma g‘oyalaridan kelib chiqib, uning ijrosini ta’minlashdagi Davlat dasturida 2020 yilda barcha soha rahbarlari oldiga, o‘tgan yilga nisbatan ham ishchanlik, fidoyilik va halollik bilan xalqimiz manfaati va farovonligi yo‘lida vijdonan ishlash vazifasi qat’iy qilib qo‘yildi. Bu masalada ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘z ish faoliyatlarini madaniyatli tarzda, faqatgina qonunga bo‘ysungan holda, olib borishda o‘ta chuqur saviyaga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash va lavozimlarga tayinlash; ularni xushmuomala bo‘lishlarini talab darajasiga yetkazish; qonunni buzgan xodimlarga nisbatan tegishli qonun talablariga muvofiq zudlik bilan chora ko‘rish; xodimni, fuqarolar bilan muloqotda bo‘lganlarida protsessual qonun talablariga asosan muomalada bo‘lishini qat’iy nazorat qilish har bir idora rahbarining Konstitutsiyaviy burchi ekanligini unutmaslik; tergov organlari tomonidan haqiqatni aniqlashda qo‘pollik, qo‘rqitish, aldash kabi harakatlarga murosasiz bo‘lishni, g‘ayriqonuniy usullarni qo‘llagan xodimni ishdan chetlashtirish va tegishli javobgarlikka tortishgacha chora ko‘rish, har bir rahbarning vazifasi bo‘lib qolishi kerak bo‘ladi.

Qonun ustuvorligini ta’minlash va adolatni qaror toptirishda sudlarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Sud O‘zbekiston davlati nomidan qaror qabul qiladi. Shunday ekan u quyidagi talablarga qat’iy amal qilishi shart:

sudya, sudyalik maqomiga mos kishi bo‘lib shakllanishi uchun yanada batafsilroq, qonunlarda yozilmagan, ammo amal qilishi lozim bo‘lgan insoniylik fazilatlarga ham qat’iy rioya etishi zarur;

sudya qanday masalani hal qilishidan qat’i nazar halollik, xolislik va qonun ustuvorligini ta’minlashda adolatli bo‘lishni o‘ziga shior qilib olishi lozim. Buning uchun o‘z kasbining bilimdoni, hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, har tomonlama yetuk, saviyasi baland va huquqiy madaniyatli shaxs bo‘lishi kerak.

Ana shu xislatlarni sudya  o‘zidan qidirishi, shakllantirishi, unga qat’iy itoat etishi zarur. Sudyalik kasbiga aslo dog‘ tushurmasliklari lozim. Buning uchun avvalo sudyadan sabr-bardosh, shukronalik, haqiqiy mehnat hisobidan oladigan ish haqi evaziga yashashni o‘rganish, bu masalada barcha oila a’zolari bilan hamfikr bo‘lishlari talab etiladi. U o‘z ustida tinmay ishlash, ko‘p o‘qish, izlanish, fikr yuritish, har kunlik ishni rejalashtirish, uni bajarilishini ta’minlashda, ishning ko‘zini bilib ishlashga erishish lozim. Sudyalik kasbida ishchanlik, hushyorlik, hayot tajribasini mukammal egallagan, tinimsiz harakat, mashaqqatli mehnat va yetti o‘lchab, bir kesish maqoliga amal qilish odat tusiga aylanmog‘i zarur. Sudyalar Prezident va xalqning ishonchiga sazovor bo‘lishlari uchun tegishli qonunlarda ko‘rsatilgan vakolati va majburiyati doirasida, mas’uliyatni chuqur his qilgan holda o‘z faoliyatini samimiyat bilan, beg‘araz bajarishi kerak.

Har qanday holatda va sharoitda ham o‘z kasb madaniyati va odobiga rioya qilish har bir sudya uchun ham qarz, ham farz bo‘lib qolishi shart. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda,

“Sudyaning ongida — adolat, tilida — haqiqat, dilida —poklik ustuvor bo‘lishi lozim”.

Nega deganda, ishi sudga tushgan har qanday shaxs sudyadan faqat haqiqat va adolat kutadi. Shuning uchun sudya o‘z ish faoliyatida e’tiborsizlikka yoki tavakkalchilikka yo‘l qo‘yishi aslo mumkin emas. Sudda ishlarni ko‘rishda xolislik prinsipiga amal qilish sudyaning qonuniy burchi hisoblanadi. Qaysi ishda xolislik bo‘lmasa, o‘sha ish adolatli hal etilmaydi. Buning uchun sudya kamtarin, mehr-shafqatli, insonparvar va mukammal huquqiy madaniyat egasi bo‘lishi talab etiladi. Mehr-shafqat bo‘lmagan joyda adolat ham bo‘lmaydi.

Fikr-mulohazalarimni tugallar ekanman, barcha fuqarolar davlat xizmatchilari, ayniqsa, mansabdor, huquqni himoya qiluvchi organ xodimlari, qolaversa, sud tizimida ishlovchilarning quyidagi hikmatli gaplarga e’tiborini qaratishni ma’qul deb topdim:

Yaxshilikni beg‘araz qilmoq va qilingan yaxshilikning evaziga biron-bir yaxshilik kelishini kutib qolmaslik.

Kamtarlik, xolislik, birovni jazolashga shoshilmaslik.

Qonunni hurmat qilib, adolatni qaror toptirish.

Bu so‘zlarning amalda bajarilishi — o‘z xalqini va vatanini sevishi bilan barobardir. Adolat yo‘lida fidokorlik ko‘rsatmagan ki-shini vatanparvar deb bo‘lmaydi. To‘qlikda ochlikni, ulug‘likda xorlikni, shodlikda g‘urbatni esdan chiqarmaslik, yomonlikni zarracha bo‘lsa-da, qilmaslik, zarracha bo‘lsa-da yaxshilik qilishdan erinmaslik kerak ekan. Har birimiz kimligimizni, qanday vakolatga ega ekanligimizni, xalqimiz farovonligi uchun mas’ul ekanligimizni bir zum bo‘lsa-da, yodimizdan chiqarmasligimiz lozim.

Alisher Navoiy bobomizning “El, netib topgay menikim, men o‘zimni topmasam” degan hikmatli so‘zlari quloqlarimiz ostida jaranglab tursin. Kishi, kim bo‘lishidan qa’ti nazar, mansabdormi, oddiy fuqaromi uning shirin tili va ochiq dili bo‘lmasa, u yaxshi inson bo‘la olmaydi.

Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlarining barchamiz uchun hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan bebaho satrlaridan birini keltirmoqchiman:

“Har kimki vafo qilsa, vafo topg‘usidir!

Har kimki jafo qilsa, jafo topg‘usidir!

Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonlik hargiz,

Har kimki yomon bo‘lsa jazo topg‘usidir”.

Bu so‘zlar barchamizga taalluqlidir!

Ubaydulla MINGBOYeV,

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist.