Sud organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining o‘ziga xos xususiyatlari
Zamonaviy demokratik jamiyatda omma uchun yopiq yoki jamoat nazoratidan xoli tarzda mavjud bo‘la oladigan davlat hayotining biror bir sohasi yoki instituti yo‘q. Hokimiyat jamiyatdan nimanidir yashirgan yoki yetarli va xolis bo‘lmagan axborotni bera boshlagan zahotiyoq uning faoliyati shubha ostiga olinadi. O‘z navbatida, davlat hokimiyati organlarining shaffofligi (oshkoraligi) – bu faqatgina davlatning fuqarolik jamiyati oldidagi majburiyati emas, balki hukumat faoliyatining ushbu jamiyatdagi legitimligi (qonuniyligi)ning muhim sharti ham sanaladi.
Shuning uchun hukumat qonuniy (legitim) bo‘lishi uchun uning faoliyati keng ma’noda shaffof (oshkora): ommaviy, ochiq va jamoatchilik nazorati ostida bo‘lishi lozim. Shu ma’noda, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qonunlar ijrosining ta’minlanishi ustidan fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tizimli va samarali huquqiy mexanizmini yaratgan “O‘zbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinganligi muhim ahamiyatga ega.
Jamiyatda legitim bo‘lish (qonuniy faoliyat yuritish) talabi, sudlarning ham faoliyatiga birdek taaluqli. O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida norma mavjud emas. Biroq bu degani, mazkur davlat organining faoliyati jamoatchilik nazoratidan chetda ekanligini anglatmaydi.
Davlatning muhim institutlaridan biri sifatida sud hokimiyati ham jamoatchilik nazoratiga ehtiyoj sezadi. Sudning har bir qadami jamiyat uchun ochiq va oshkora bo‘lishi lozim. O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunining 4-moddasida “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi”, deyilgan. Biroq ushbu mustaqillik sudning qonuniy ishiga aralashmagan holda, faoliyatining qonuniyligini jamoatchilik tomonidan nazorat qilinishiga to‘sqinlik qilmasligi lozim. Aks holda, qonunda belgilangan bu mustaqillik prinsipi boshboshdoqlikni keltirib chiqarish xavfi yuzaga keladi.
Qonunning 5-moddasida “Sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiydir hamda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart”, deyilgan norma mavjud. Bundan ko‘rinib turibdiki, sud hujjatlari ham qonunlar kabi barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiy bo‘lib, mamlakatning butun hududida ijro etilishi shart. Shunday ekan, sud hujjatlarining qonuniyligi, adolatliligi va xolisligini ta’minlash uchun ushbu hujjatlarning qabul qilinish jarayoni ustidan qat’iy jamoatchilik nazorati zarur. Aynan, sud hokimiyatining ochiqligi va shaffofligi sudlar faoliyati ustidan asosli, samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish imkoniyatini yaratadi. Shuning uchun ham bir tomondan davlat, ikkinchi tomondan esa sud xokimiyati vakillari o‘z faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlashdan manfaatdor bo‘lishlari lozim.
Sudlarning faoliyati serqirra ekanligini e’tirof etgan holda amaldagi qonunlarimizda sudlar tomonidan jinoyat ishlarini ko‘rishda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning qanday mexanizmi mavjud ekanligiga quyidagi misollar orqali bir nazar tashlasak.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 21-moddasida “Jinoyat ishi bo‘yicha tergov olib borish va ishni sudda ko‘rish chog‘ida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat sodir etilgan holatlarni aniqlab olish, aybdorlarni qidirish va fosh etish, adolatli hukm chiqarish, shuningdek, jinoyatning sodir etilish sabablari va unga imkon bergan sharoitlarni aniqlash uchun o‘z vakolatlari doirasida jamoatchilik yordamidan foydalanishga haqlidir. Jamoat birlashmalari va jamoalarning vakillari jinoyat ishini yuritishda jamoat ayblovchilari hamda jamoat himoyachilari tariqasida qatnashishga haqlidir”, deyilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, jinoyat ishini sudda ko‘rish jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining yoki mehnat jamoalarining vakillari jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etishlari mumkin. Bunday ishtirok orqali vakil xoh u jamoat ayblovchisi, xoh jamoat himoyachisi bo‘lsin, o‘zining protsessual vazifasini ado etish barobarida sud tamonidan jinoyat ishini ko‘rib chiqish, adolatli, xolis va qonuniy qaror qabul qilinishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
Sudlar faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning yana bir ko‘rinishi “xalq maslahatchilari” instituti sanaladi.
Qonunga muvofiq odil sudlovni amalga oshirishda xalq maslahatchilari sudyaning barcha huquqlaridan foydalanadi. Ular sud majlisida ishni ko‘rish jarayonida kelib chiqadigan hamma masalalarni hal qilishda va hukm chiqarishda raislik qiluvchi bilan teng huquqqa ega. Jinoyat protsessual kodeksining 14-moddasiga muvofiq, odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar va xalq maslahatchilari mustaqildirlar hamda faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalar va xalq maslahatchilari jinoyat ishlarini qonun asosida ko‘rib chiqadilar va hal qiladilar. Ko‘rinib turibdiki, jinoyat ishlarini ko‘rib chiqishda sud protsessining boshidan oxiriga qadar xalq maslahatchilari xuddi sudyalar kabi mustaqil va qonunga bo‘ysungan holda ishtirok etadi. Bunday ishtirok ham xalq vakili bo‘lgan xalq maslahatchilari tomonidan sudyalar faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.
Yana bir muhim masala, bu sud xodimlarini tanlash va sudyalar korpusini shakllantirishda qonuniylik, ochiqlik va adolatlilik prinsiplariga amal qilish sanaladi. Keyingi to‘rt yil davomida mamlakatda amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari tufayli ushbu vazifa ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Xususan, Sudyalar Oliy kengashi, Oliy kengash huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taklifiga binoan sudyalarni tanlash va lavozimga tayinlashning xolisligi va shaffofligiga ishonchni oshirish maqsadida har bir hududda sudyalar korpusini shakllantirishga ko‘maklashuvchi komissiyalar tuzilganligi so‘zimizga isbot bo‘la oladi.
Shu bilan birga sudlarda fuqarolarning huquqlarini qonundan og‘ishmay himoya qilish va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda sud xodimlarining professional bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, sudyalar o‘z faoliyati davomida amaldagi qonun hujjatlarini adolatli tarzda va bir xilda qo‘llay olishlari uchun o‘z professional mahoratini doimiy ravishda oshirib borishlari lozim. “Sudyalar odob-axloq qoidalari”da ham sudya o‘z malakasini yuqori darajada ushlab turishga, nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirib borishga majburligi qayd etilgan. Shu bois uzluksiz ta’lim olish va o‘z malakasini oshirib borish sudyaning odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Qolaversa, sudyalar mustaqil ta’lim olish usuli orqali o‘z bilim va ko‘nikmalarini orttirib borishi lozim. Sudyaning mustaqil ta’lim olishi – kundalik faoliyatining bir qismi bo‘lib, bunda u asosiy ishdan bo‘sh vaqtlarida, uyda, ish faoliyati davomida malakasini oshirib borishi talab qilinadi. Mustaqil ta’lim olish jarayonida sudya doimiy ravishda izlanishi, amaldagi qonun hujjatlari va ularni amaliyotda to‘g‘ri qo‘llashga oid adabiyotlar hamda sud amaliyotini muntazam kuzatib, tahlil qilib borishi kerak bo‘ladi. Bunda u yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarning sabablarini o‘rganishi, o‘z faoliyatida ularni takrorlamaslik choralarini ko‘rishi zarur. Zero, sudyalar malakasini oshirish odil sudlov samaradorligini ta’minlashning muhim omilidir.
Xulosa qilib aytganda, sud hokimiyatining faoliyati qanchalik ochiq va oshkora, jamoatchilik nazorati ostida bo‘ladigan bo‘lsa, unga nisbatan aholining ishonchi ortib boradi. Sud hokimiyatiga nisbatan aholi ishonchining ortishi esa ular faoliyati samaradorligining muhim shartlaridan biri sanaladi. Bu yerda bir narsani e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim, ya’ni jamoatchilik ishonchining darajasi, jamoatchilik ushbu davlat organi faoliyatidan qanchalik xabardor ekanligiga bog‘liq. Umuman sud organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining takomillashtirilishi mamlakatda qonuniylikni ta’minlash, inson huquqlari va umumjamiyat manfaatlarining himoyasini kuchaytirish manfaatlariga xizmat qiladi.
Xudoyor MAMATOV,
Yuristlar malakasini oshirish markazi, Qonunchilik texnikasi va korrupsiyaga qarshi ekspertiza kafedrasi professori.