Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har qanday shaxs tegishli axborotni oladi(mi?)

Ikki yoki undan ortiq taraf o‘rtasida nizo kelib chiqmasa hech kim sudga murojaat qilmaydi. Sudga murojaat qilgan shaxs borki nizo o‘z foydasiga hal etilishini istaydi. Tabiiyki, bu jarayonda taraflar o‘rtasida hal etilmagan nizolarni sud tartibida hal etishda u yoki bu shaxsning shaxsiy, tadbirkorlik, siyosiy va boshqa huquq hamda manfaatlariga, sha’ni va qadr-qimmatiga daxl qilmaslik sudya uchun ustuvor vazifalar hisoblanadi.

Shuning uchun Oliy sud sud muhokamasi oshkoraligini, sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqi amalga oshirilishini, shuningdek, sudlar tomonidan mazkur masalaga oid qonun hujjatlarini bir xilda qo‘llanilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, 2020 yilning 21 fevralda “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida"gi plenum qarori qabul qilindi. Unda amaliyotda duch kelinayotgan ayrim muammolarning yechimi haqida zaruriy tushuntirishlar berilgan.

Qarorga asosan sud muhokamasi oshkoraligi va sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikka o‘z vaqtida ob’yektiv axborot berish orqali jamiyatda huquqiy xabardorlik darajasini oshirish ko‘zda tutilgan. Bu o‘z navbatida odil sudlovni amalga oshirishning muhim kafolatlaridan biri bo‘lgan sudlov faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash va sudga nisbatan ishonchning mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Ya’ni, sudlar tomonidan sud muhokamasi oshkoraligi va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini amalga oshirish uchun zarur sharoit yaratish lozimligi belgilab qo‘yildi.

Umuman, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat axborot resurslaridan bemalol foydalana olish huquqi davlat organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash barobarida korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositalaridan biri hisoblanadi.

Bundan anglashiladiki, sudlarda axborot sohasi, ya’ni OAVga axborot, intervyu, ma’lumot, sud hujjatlaridan nusxa berishni tartibini isloh qilish bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biri sanaladi. Bu esa o‘z navbatida, sud muhokamasining oshkoraligi va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash tartibini belgilovchi qonunosti hujjat qabul qilinishini taqozo etadi. Qabul qilingan hujjatda jamoatchilik nazoratini ta’minlash, sud hokimiyati va jamoatchilik o‘rtasidagi uzviy aloqani mustahkamlash, bunda OAV rolini kuchaytirishga oid norma va qoidalar belgilanishi maqsadga muvofiq. Albatta, yana bir muhim va asosiy masala - sud hokimiyati organining axborot xizmati faoliyatini faollashtirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar ham yaratilishi zarur.

O‘ylaymanki, bunday amaliyot jismoniy va yuridik shaxslarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqini yanada kengroq amalga oshirish imkoniyatini yaratib, sud organlarining qabul qilayotgan qarorlari sifatini oshirish borasidagi mas’uliyatini kuchaytiradi.

Aslida sud va OAV vakillari yaqin hamkorlikda ish olib borib, o‘quvchiga xolis va tezkor axborotni yetkazib bersa, turli salbiy fikrlar yuzaga chiqishining oldi olinadi.

Abdusattor ABDURAZZAQOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Kattaqo‘rg‘on shahar sudining raisi.