Sud qanday axborotlarni bermaslikka haqli yoki foydalanish cheklab qo‘yilgan axborotlar haqida bilasizmi?

«Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunning 7-moddasiga muvofiq hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq majlisda ko‘rib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

Shu bois Oliy sud Plenumining 2020 yil 21 fevraldagi «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida»gi qarorida ham sudlar faoliyatiga doir axborotni olish huquqini fuqarolarning tili, jinsiy, irqiy, milliy mansubligi, diniy, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeiga qarab cheklashga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlangan.

Umuman, ommaviy axborot vositalari vakillarining ochiq sud majlisida ish bo‘yicha ma’lumotlar olish maqsadida qatnashishi ma’lumot olishning qonuniy yo‘li ekanligini inobatga olib, ularning qonunda nazarda tutilmagan asoslariga ko‘ra, sud majlisi zaliga kirishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘z navbatida, yuqorida qayd qilingan qarorda tushuntirilishicha, ommaviy axborot vositalari muayyan ish yuzasidan sud muhokamasi natijalarini oldindan bashorat qilishga yoki sudga boshqacha tarzda ta’sir etishga (bosim o‘tkazishga) haqli emas.

Sudya esa sud qarori qonuniy kuchga kirmagan ish bo‘yicha intervyu berishga yoxud ommaviy axborot vositalarida chiqish qilishga haqli emas.

Shuningdek, qarorda ish muhokamasini yopiq sud majlisida o‘tkazish to‘g‘risida sud asoslantirilgan ajrim chiqarib, unda protsess ishtirokchilari bo‘lmagan shaxslarning, ommaviy axborot vositalari vakillarining sud majlisi zaliga erkin kirishiga to‘sqinlik qiladigan aniq holatlar ko‘rsatilishi kerakligi, ish yopiq sud majlisida muhokama qilinishi to‘g‘risidagi ma’lumot hamma uchun ochiq bo‘lishi lozimligi, ish muhokamasi yopiq sud majlisida o‘tkazilishi haqida sud majlisi bayonnomasida va ish bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatining kirish qismida ham ko‘rsatiladi, deb tushuntirish berilgan.

Protsess ishtirokchisi deganda, jinoyat-protsessual qonunchiligiga binoan muhokama qilish uchun tayinlangan ishda ishtirok etuvchi prokuror, himoyachi, jamoat ayblovchisi, jamoat himoyachisi, shuningdek, sudlanuvchi, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari tushuniladi.

Ish muhokamasi yopiq sud majlisida o‘tkazilishi to‘g‘risidagi ajrim e’lon qilingunga qadar protsess ishtirokchilari bo‘lmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalidan chetlashtirilishi mumkin emas. Ish muhokamasi yopiq sud majlisida o‘tkazilishi to‘g‘risidagi qaror ishni sud muhokamasiga tayinlash chog‘ida qabul qilingan hollarda, protsess ishtirokchilari bo‘lmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zaliga kiritilmaydi.

Agar sud tomonidan jinoyat ishining muayyan qismi yopiq sud majlisida muhokama qilinishi to‘g‘risida qaror qabul qilinsa, protsess ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisining shu qismiga kiritilmaydi.

Protsess ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslar, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillarining ochiq sud majlisida qatnashishini cheklovchi yoki ularga monelik qiluvchi sharoit yaratilishi man etiladi va bunday holat protsessual qonun buzilishi, deb hisoblanadi va qonunda belgilangan javobgarlik kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Mazkur qarorda tushuntirilishicha, sudlar faoliyati to‘g‘risidagi axborot umumfoydalanish uchun ochiq hisoblanadi, axborotdan foydalanish qonun bilan cheklangan hollar bundan mustasno.

Foydalanishi cheklab qo‘yilgan axborotga davlat sirlariga doir («Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida»gi qonun, 3, 5-moddalar), qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirga doir, masalan, farzandlikka olish siri, Oila kodeksining 153-moddasi), shifokorlik siriga doir («Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonun 25-moddasi, beshinchi qismi, «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida»gi qonun 19-moddasi), qonunga asosan foydalanishi cheklangan boshqa axborotlar kiradi.

Sud axborotning muayyan qismi foydalanish uchun cheklanganligini sabab qilib, talab etilgan axborotni berishini rad qilishga haqli emas. Bunday holatda axborotning foydalanish uchun ochiq qismi taqdim etiladi.

Qarorda berilgan tushuntirishga binoan sudlar faoliyatiga doir ma’lumotlar foydalanuvchilarga ularning so‘roviga asosan, ya’ni og‘zaki yoki yozma shaklda, shu jumladan, elektron hujjat ko‘rinishidagi murojaatiga asosan taqdim etilishi mumkin.

Umuman, mazkur qaror sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning va yuridik shaxslarning huquqlarini sud orqali himoya qilinayotganligini, ishlarni ochiq va oshkora ko‘rilishida qonunda nazarda tutilgan istisno etuvchi holatlardan tashqari jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan erkin hamkorlik o‘rnatishning kafolati.

G.NEGMATOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Bulung‘ur tumani sudining raisi.