Sud raislari olis mahallalarda qabul o‘tkazdi

Samarqand viloyati sudi raisi Olim Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi Tohir Fayziyev Paxtachi va Narpay tumanlarida sayyor qabul o‘tkazdi.

Dastlab viloyat sudi raisi O.Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi T.Fayziyev qonunchilikdagi yangiliklar haqida tushuncha berdi. So‘ngra jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqildi.

Aliment, nikoh, uy-joy, fermerlik faoliyati bilan bog‘liq masalalarning har biriga alohida e’tibor qaratildi, ijobiy yechim topishiga harakat qilindi.

– Sud-huquq sohasi bo‘yicha hamma murojaatlar ham joyida hal bo‘lmaydi, – deydi O.Hayitov. – Chunki, har bir murojaat tegishli tartibda, shuningdek, ayrimlari sud tartibida o‘rganilishi kerak. Bu esa vaqt talab qiladi. Shuning uchun qabulga kelgan har bir kishining masalasi shu yerda hal etilmasa-da, nazoratga olinadi va belgilangan muddat ichida ko‘rib chiqilib, murojaatchiga ma’lum qilinadi. Hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmaydi.

Qabullardan so‘ng sayyor sud majlislari o‘tkazilib, jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazoni o‘tayotgan 14 nafar fuqaro viloyat sudi raisiga murojaati asosida jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilindi.