Sud tizimida innovatsion yondashuv muhim

Unda fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat, tumanlararo va shahar sudlari sudyalari, viloyat prokuraturasi, viloyat adliya boshqarmasi, advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasi vakillari, mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi M.Tojiboyev, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi O.Hayitov va boshqalar Murojaatnomani nafaqat parlamentga, balki xalqimizga, ularning Vatanga bo‘lgan muhabbatini yuksaltirishga qaratilgan chaqiriq sifatida qabul qilish lozimligini ta’kidladi.
– Murojaatnomada davlatimiz rahbari jamiyatimizda yig‘ilib qolgan ko‘pgina muammolar xususida ro‘y-rost to‘xtaldi, – deydi M.Tojiboyev. – Shu asosda Prezidentimizning sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan farmoni imzolandi. Unga muvofiq, bundan buyon mamlakatimizda qiynoqqa solish, ruhiy, jismoniy bosim o‘tkazish va boshqa zo‘ravonlik holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tadbirda sud sohasidagi islohotlar, xususan, ma’muriy sudlarning tashkil etilishi, protsessual qonun hujjatlariga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar, mulkka nisbatan egalik huquqining vujudga kelish asoslari va uni rasmiylashtirish tartibi, uy-joylar davlat va jamoat ehtiyoji uchun olinganda beriladigan imtiyoz va kafolatlar kabi masalalar muhokama etildi.
Notarial va FHDYo idoralari tizimini takomillashtirish, pensiya ta’minoti bilan bog‘liq nizolarni hal etish, korrupsiyaga qarshi kurashishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish borasida ishtirokchilarning mulohazalari, takliflari tinglandi.