Sud tuman saylov komissiyasi qarorini haqiqiy emas, deb topdi
Chilonzor tumani ma’muriy sudi 22 dekabrdagi tuman saylov komissiyasi qarorini haqiqiy emas deb topdi. Bunaqasi hali O‘zbekiston amaliyotida bo‘lmagan.
Bu haqda Gazeta.uzga tayangan holda Xushnudbek.uz telegram kanali xabar bermoqda.
Da’vogar kim?
Sudga O‘zLiDePdan nomzodi qo‘yilgan Fazliddin Baxromov shikoyat qilgan.
Shikoyat mazmuni nimada?
Saylov natijalarini hisoblashda tuman saylov komissiyasi 4-Lutfiy okrugi natijalarini soxtalashtirib, bayonnomalarni o‘zgartirgan hamda Xalq demokratik partiyasidan nomzodi qo‘yilgan Respublika olimpiya zaxiralari kolleji direktori o‘rinbosari Abror Mamadaliyevni g‘olib, deb e’lon qilgan. Dastlabki bayonnoma bo‘yicha Abror Mamadaliyev ushbu okrugda 401 ta ovoz oldi, deb ko‘rsatilgan. Ammo yakunda bayonnomalar o‘zgartirilib, 813 ta ovoz oldi, deya qayd etilgan. Qayerdandir 400 dan ko‘proq ovoz qo‘shib qo‘yilgan.
Bundan tashqari, uchastka saylov komissiyasining raisi, rais o‘rinbosari va kotibi Respublika olimpiya zaxiralari kolleji o‘qituvchilari bo‘lishgan. Vaholanki, Saylov kodeksi bo‘yicha nomzodning qo‘l ostida ishlaydigan shaxslar komissiya a’zolari bo‘lishi mumkin emas.
Sud qanday qaror qabul qildi?
Barcha dalillarni hamda guvohlarning ko‘rsatmalarini tinglab, sud quyidagi qarorlarga keldi:
- tuman Kengashi deputatligiga saylovlar natijasini hisoblashda ma’lumotlar soxtalashtirilgan va saylov qonunchiligi buzilgan, degan xulosaga keldi;
- tuman saylov komissiyasi qarorini haqiqiy emas, deb topdi;
- tuman saylov komissiyasi zimmasiga takroriy saylov o‘tkazish majburiyatini yukladi;
- qayta saylovda Respublika olimpiya zaxiralari kolleji xodimlarini saylov komissiyalari tarkibiga kiritmaslikni belgiladi;
- prokuratura organlariga xususiy ajrim kiritdi va qonun buzilish holatini o‘rganib, aybdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni so‘radi.