Sudandagi namoyishlar chog‘ida yetti kishi halok bo‘ldi, bosh vazir Abdulla Hamdok hibsga olindi

Sudandagi norozilik namoyishlarida yetti kishi halok bo‘ldi, yuzdan ortiq kishi jarohatlandi, deya xabar bermoqda Reuters sog‘liqni saqlash vazirligi vakili ma’lumotiga tayanib.

Sudan harbiylari bir kun oldin mamlakat bosh vaziri Abdulla Hamdokni, shuningdek, hukumatning yana bir qancha a’zolarini hibsga olishdi. Ularning qayerdaligi hozircha noma’lum.

2019 yil aprel oyida Sudanda chuqur iqtisodiy inqiroz va turmush darajasi pasayishi tufayli xalq noroziliklari ortidan harbiy to‘ntarish boshlandi. 30 yil hukmronlik qilgan prezident Umar al-Bashir hukumatdan chetlashtirildi va keyinchalik qamoqqa olindi.

2021 yil sentyabrida Sudan mamlakatda harbiy to‘ntarishga urinishning oldi olinganini ma’lum qildi. Qurolli kuchlar qo‘mondonligi bayonotiga ko‘ra, fitna uyushtirganlarning aksariyati, jumladan, 21 zobit va bir qancha askar qo‘lga olingan. Sudan Bosh vaziri Abdulla Hamdok o‘shanda davlat to‘ntarishiga urinish armiya va xavfsizlik idoralarida islohotlar zarurligidan dalolat ekanligini aytgan edi. Sudan hukumati isyon boshida sobiq prezident Umar al-Bashir tarafdorlari turganligini aytishmoqda.