Sudlar faoliyatini raqamlashtirish nima afzalliklarga ega?

Mamlakatimizda sudlar faoliyatini yanada rivojlantirish, bu borada sudlar faoliyatini raqamlashtirish yuzasidan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, o‘tgan davr mobaynida sudlarga masofadan turib murojaat qilish, sud majlislarida videokonferensaloqa tizimidan foydalanib ishtirok etish, sudyalar o‘rtasida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash, sud qarorlarini Internet tarmog‘ida e’lon qilish, ijro hujjatlarini elektron shaklda majburiy ijroga yuborish joriy etildi.

Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosiqichga olib chiqishda muhim omil bo‘lishi shubhasiz.

Zero, 2021 yil 1 yanvardan boshlab barcha sudlarda sud majlislarini ish bo‘yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, kelgusi yil 1 iyuldan apellyasiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlash, 1 oktyabrdan barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida «SMS» xabar orqali bepul asosda xabardor qilish joriy qilish ko‘zda tutilgan.

2022 yildan esa navbatdagi o‘zgarishlarga start beriladi. Xususan, 1 yanvardan sud qarorlarini ish bo‘yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etish, 1 iyulga qadar sud hokimiyati organlari faoliyatida, shu jumladan fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Eng muhim yangiliklardan biri shuki, 28 ta davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari axborot tizimlari Oliy sudning axborot tizimiga bosqichma-bosqich ulanadi.

Bundan tashqari, yuqorida qayd qilingan hujjatda sudlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga taqdim etiladigan ma’lumotlarni elektron shaklda yuborish, muayyan ishni ko‘rish jarayonida zarur bo‘lgan ma’lumotlar va hujjatlarni fuqarolarni ovora qilmagan holda bevosita davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olish belgilangan.

Shuningdek, sudlar tomonidan jarimalarni kamaytirish yoki ularni qo‘llamaslik masalalarini ko‘rib chiqishda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» va boshqa axborot tizimlarining integratsiyasi orqali fuqaroning mulkiy holati va ijtimoiy ahvoli haqidagi ishonchli ma’lumotlar bilan tanishish mumkin bo‘ladi.

Aliment miqdorini belgilashda esa tumanlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqlari to‘g‘risida ma’lumotlar axborot tizimi orqali elektron shaklda olinadi.

Yana bir muhim yangilik shuki, manfaatdor shaxslarga da’vo, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.

D.XUSENOV,

Samarqand viloyati iqtisodiy sudining tizimni boshqarish va xizmat ko‘rsatish muhandisi.