Sudlar raislarining sayyor qabulida qanday murojaatlar ko‘rildi?
Jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha Samarqand viloyati sudlari raislari 2019 yil 9 avgust kuni Kattaqo‘rg‘on shahri va Kattaqo‘rg‘on tumani Xalq qabulxonalarida tadbirkorlik sub’yektlari, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari uchun sayyor qabul o‘tkazdi.
Sayyor qabul avvalida sud raislari qonunchilikdagi yangiliklar, shu jumladan, tadbirkorlik uchun yaratilayotgan sharoitlar hamda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash borasida qabul qilinayotgan hujjatlar mazmun-mohiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, 40 nafar tadbirkorlar va jismoniy shaxslar qabul qilinib, murojaatlari tinglandi.
Natijada 28 nafar fuqaroga huquqiy maslahat berildi va 2 nafar fuqaroga sud qarorlarining ijrosi bo‘yicha Majburiy ijro byurosi xodimlariga murojaat qilishi tushuntirildi. 10 ta murojaat hal etildi.
Bundan tashqari, sayyor sudlarda 5 nafar mahkumlarga nisbatan ishlar ko‘rilib, ular jazoni o‘tash joyidan muddatidan oldin ozod qilinib, oilasi bag‘riga qaytarildi. Viloyat sudi kassatsiya instansiyasida 1 nafar shaxs ish bo‘yicha yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplagani uchun tayinlangan jazodan ozod qilindi.
Shu bilan birga, ma’muriy ishlar yuzasidan 17 nafar shaxslarga oid ishlar ko‘rildi. Unda 6 nafar shaxsga nisbatan ishlar huquqbuzarlikning oqibatlari bartaraf etilganligi, 11 nafar shaxsga nisbatan ishlar huquqbuzarlikni ixtiyoriy ravishda bartaraf etgani va yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagani uchun tugatildi.
O‘z muxbirimiz.