Sudyalar oqdaryolik o‘quvchilar bilan uchrashdi

Viloyat sudi sudyasi To‘lqin Qodirov, sudya katta yordamchilari Adham Abdiyev va Nodir Hamroyev Oqdaryo tumanidagi 41-o‘rta maktabda 11-sinf o‘quvchilari bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Davra suhbatida asosan ta’lim olishga jiddiy e’tibor berish, kelajakda jamiyatimizga kerakli kadrlar bo‘lib yetishishga intilish haqida so‘z bordi. Shuningdek, katta hayot ostonasida turgan yoshlarga oila muqaddasligi haqida tushuncha berildi.

Viloyat sudi vakillari yoshlarga noto‘kis oilalar, notinch oilalar haqida tushuncha berar ekan, baxtli oilalarning qadriga yetish lozimligini tushuntirdi.

Oila muqaddas dargoh. Oila shunday ilohiy manzilki, uning sha’ni, sizning sha’ningizdir. Hayotning lazzati esa shirin turmushda. Ko‘pincha oqibatlari o‘ylanmay chiqarilgan qarorlarning jabrini, beozor va murg‘ak qalblar his etishga mahkum bo‘lishadi.

Hech mehribonlik uyiga borganmisiz? U yerdagi bolalarning hayotidagi bir kun qanday o‘tishi, ularning hayot tarzi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? U yerda ham sizga o‘xshagan o‘g‘il-qizlar yashaydi. Ularning har kunida umid bor, aksariyati ertadan kechgacha mehribonlik uyi darvozasiga ko‘z tikib o‘tiradi. Eshikdan o‘zining otasi yoki onasi kirib kelishini va uni olib ketishini istaydi. Vaholanki, davlatimiz tomonidan mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Biroq ular qanchalik yaxshi sharoitda yashamasinlar bularning hech biri ularga oila mehrini, muhitini berolmaydi.

Oilani mo‘’jazgina bir jamiyat, deb faraz qilsak, butun insoniyat jamiyatning daxlsizligi aynan shu “jamiyat”ning jipsligiga bog‘liq. Demak, qaysi jamiyatdagi oilalar mustahkam emas ekan, bu jamiyat xarbiy qudrati, boyligidan qat’iy nazar, xalokatga mahkum. Zero, azaldan oilani jamiyatning duru gavhari deb ulug‘lagan.

Masalan, hozirgi kunda o‘smirlar o‘rtasida paydo bo‘layotgan jinoyatlarning ko‘pchiligiga oiladagi muhitning ijobiy emasligi, ota-ona tomonidan farzandiga yetarli darajada tarbiya berilmayotganligi, ota-ona va farzand o‘rtasidagi muammoli munosabatlar sabab bo‘layotganligi ta’kidlandi.

T.QODIROV, viloyat sudi sudyasi.

A.ABDIYeV, viloyat sudi sudya katta yordamchisi.