Suriyadan qaytgan ayol iqrori yoxud aldanganlar orasida hamon mehnat muhojirlari ko‘p

 «Mehr» operatsiyasi orqali keyingi uch yilda uch yuz nafardan ziyod ayollar va bolalar O‘zbekistonga qaytarildi. Adashganlarni kechirish, aldanib borib qolganlarga yordam qo‘lini cho‘zish insonparvarlikning eng oliy mezonidir. Suhbatdoshimiz ham mana shunday, aldanib, Suriyaga borib qolganlardan. Uning fikrlarini o‘qib ko‘rgach, juda ko‘p masalalar haqida fikr yuritasiz. Aldanish o‘z yo‘liga, unga olib boruvchi sabablar, oilalardagi muhit, ota-onalik mas’uliyati haqida o‘ylay boshlaysiz. 

Har kundan omon chiqqanimizga shukur qildik

- Suriyaga qanday borib qolganingiz haqida aytib berolasizmi?

- 2015 yillarda turmush o‘rtog‘im bilan ajrashdim, ota-onamning uyiga kelishga majbur bo‘ldim. Akalarimning hammasi Rossiyada mehnat qilar edi. Siqilmasin, qolaversa, o‘ziga kam bo‘lsayam mablag‘ ishlab topsin, degan maqsadda meniyam chaqirtirib olishdi. Bordim, u yerda bir kishi bilan tanishib qoldim, asli kattaqo‘rg‘onlik ekan. Fe’limiz to‘g‘ri keldi, turmush qurdik. Akalarim ham rozi bo‘lishdi. Turmush o‘rtog‘im kompyuterida Suriya va boshqa davlatlarni ko‘rsatib, doim o‘sha yerga boramiz, degan gapni aytardi. Men bu gaplaridan cho‘chirdim, rozi bo‘lmasdim.

- Shu gaplaridan so‘ng sizning ko‘nglingizda shubha paydo bo‘lmadimi?

- Yo‘q, chunki turmush o‘rtog‘im ichmasdi, namozxon edi, meni doim avaylardi. Ko‘p gapirmasdi. To‘g‘risi, uyda otam ichkilikka berilgani uchun doim aroq ichmaydigan insonga turmushga chiqishni orzu qilganman. Aroq ichmaydigan, yolg‘on gapirmaydigan insondan yomonlik chiqishiga ishonmaganman.

- Lekin keyin baribir rozi bo‘libsiz-da, Suriyaga borishga.

- U kishi Turkiyaga boramiz, seni aylantirib kelaman, dedi va yo‘lga chiqdik. Moldova orqali Turkiyaga borgach, simli, dala-sayhonliklardan o‘tdik. U yerda bizni kimlardir kutib oldi. Allaqanday o‘simlik dalalaridan yugurdik, juda uzoq yugurishimizga to‘g‘ri keldi. «Nimaga yugurishimiz kerak, biz xavfli joyga boryapmizmi?» deb hayron qoldim. So‘rasam, «Gapirma, keyin aytaman», deydi. Xullas, shu tariqa chegaradan o‘tib Suriyaga keldik.

- Uning aldovidan jahlingiz chiqmadimi?

- Yo‘q, taqdir ekan-da, deb o‘yladim.

- Xo‘sh, bordingiz, keyingi hayotingiz ham nahot sizda zarracha afsuslanish, g‘azab hissini uyg‘otmagan bo‘lsa?

- Bilasizmi, men tabiatan itoatkorman. Bolaligimda akalarimning aytganini qilganman, keyin turmush o‘rtog‘imning. Taqdirimdan, deb bilganman va shu hayot bilan yashaganman.

Afsuski, turmush o‘rtog‘im oradan yarim yil o‘tmay, janglardan birida halok bo‘ldi. U yerda katta yoshlilarga har oy 50 AQSh dollaridan, bolalarga 35 dollardan to‘lab turilardi. Bu mablag‘ga bemalol kun ko‘rish mumkin edi.

- Sizning hayotingiz qanday kechdi?

- U shunday bo‘lishini bilar, menga g‘amxo‘rlik qilishni yaqin o‘rtog‘iga tayinlab qo‘ygandi. Uning oilasi bilan bir necha oy yashadim. Keyin o‘zbekistonlik bir jangchidan sovchi keldi, unga turmushga chiqdim. Homilador bo‘lganimda ma’lum sabablarga ko‘ra, uning yana uylanishiga ruxsat berdim va bir ayolni turmush o‘rtog‘imga nikohladik. Besh xonali uyda birga istiqomat qildik. Orada farzandimiz tug‘ildi.

- Kundosh bilan yashash azob bermadimi sizga?

- U yerda kunimiz o‘tishi, o‘lmay qolishimiz muhimroq edi.

- Vaqtingizni qanday o‘tkazgansiz?

- Uy ishlarini qilardik asosan, bo‘ldi. Afsuski, bu turmush o‘rtog‘im ham ko‘p o‘tmay jangda vafot etdi. Bilasizmi, u yerda kelajak uchun reja tuzib bo‘lmaydi. Bugun sog‘-salomat ertagacha yetib olamanmi-yo‘qmi, shuni o‘ylardik.

- Bu turmush o‘rtog‘ingiz ham vafot etgach, nima qildingiz? Axir endi bir o‘zingiz emas, yosh bolangiz bilan qolgandingiz.

-O‘zbekistonga qaytish yo‘llarini izlay boshladik. Shunday imkon bor, deb eshitganimizdan so‘ng, bizga ruxsat berishlarini so‘radik. Avvaliga istashmadi. «O‘zbekistonga qaytib nima qilasizlar, dinlaring kuyib ketadi, u yerda hijoblilar hibsga olinadi, sizlarga kun berishmaydi» deb qulog‘imizga quyishdi. Bu gaplardan so‘ng ikkilanib qoldim.

- Siz shu yurtda ulg‘aygansiz-ku, qanday qilib ishondingiz?

- Turli ayollarning videotasvirlarini ko‘rsatishdi, ovozli xabarlarni qo‘yib berishdi. Bir necha yil internet, olamdan uzilib qolgach, ko‘p gaplarga ishonarkansan-da.

Lekin baribir yaqinlar sog‘inchi ustunlik qildi, ketamiz, deganimizdan so‘ng bizni yashaydigan hududimizdan olisroqdagi palatkalarga olib borib tashlashdi. U yerda bir necha kun yashadik. Hatto ko‘chaga chiqmadik. Har lahzada bomba portlaydi, o‘qlar xuddi yomg‘irday yog‘ilardi. Oxiri ko‘nib, bizni jo‘natishdi va nihoyat yurtimizga yetib keldik.

- Mana, bir yildan beri O‘zbekistondasiz. Nimalardan xursandsiz, nimalar og‘rintiradi?

- Shukur, o‘z yaqinlarim orasidaman. Ammo ko‘chaga chiqishni istamayman, to‘g‘risi. U yoqda ko‘chaga chiqmay o‘rganib qolganim uchundir, ehtimol. Keyin bu yerdagi ba’zi qishloqdoshlarimizning gap-so‘zlari ko‘nglimga og‘ir botadi. Ularning xayolida men u yoqdagi jangchilarning to‘shagi uchungina xizmat qilgandayman. Bunday qarashlar odamga azob beradi. Ammo farzandim uchun hayotimni asta-sekin yo‘lga qo‘yib olyapman.

- Rahmat, savollarga samimiy javob berganingiz uchun.

 Ekspert fikri

Viktor Mixaylov, Mintaqaviy xavflarni o‘rganuvchi markaz vakili:

- Ma’lumotlarga ko‘ra, ekstremistik guruhlarga qo‘shilib qoluvchilar orasida migrantlar hamon yuqori o‘rinda. Bu ularning kayfiyati, oilasidan uzoqdaligi, ijtimoiy, iqtisodiy muammolariga ham bevosita bog‘liqdir. Migratsiya soni esa yildan yilga o‘sib bormoqda. Keyingi 10-15 yil ichida 70 milliondan ortiq aholi istiqomat qiluvchi Markaziy Osiyoda migratsiyaning o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, birgina o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining soni 3 milliondan oshib ketgan. O‘zbekistonlik mehnat migrantlarining katta qismi Rossiyada bo‘lsa (2,2 million kishi), keyingi o‘rinda Qozog‘iston (450 mingdan ziyod), Turkiya (100 ming), AQSh (60 ming) va hokazo.

Bugun dunyoda yoshlarning virtual hayot, munosabatlar, jarayonlarga bog‘lanib qolayotgani sir emas. Ushbu olamda esa jangovar, agressiv xulq normal hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan ekstremist guruhlarning nazariyalari va chaqiriqlari yoshlar uchun jozibali ko‘rinadi. Ular o‘zlari tanlagan yo‘lning, va’dalarining natijasini darhol bajarishi, agressiv xatti-harakatlarini amalda ko‘rsatish imkonini berishi ham yoshlarning qiziqishini oshiradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ektremistlarning sahifalari to‘xtatilishiga qaramay, hamon ular yoshlarda o‘zini himoyalash instinktini yo‘q qilishga qaratilgan,  itoatsizlikka, hukumat tuzilmasini o‘zgartirishga, qonunlar, umumqabul qilingan qoidalarga itoat etmaslikka chorlovchi axborotlarni tarqatishga urinmoqda. Bunday axborotlar ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan muammolari bor yoshlarga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Ba’zi yoshlar o‘z hayotlari davomida duch kelgan muammolari, nohaqliklari tufayli bunday axborotlarga ergashib, noto‘g‘ri qarorga keladi. Vatanidan olisda hijratni amalga oshirib, jihodga qo‘shilishga qaror qiladi.

Bu holatlarning oldini olish borasida markazimiz tomonidan doimiy, tizimli ishlar amalga oshiriladi. Xususan, Rossiyada o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun radio tashkil qilingan, saytimiz doim faoliyat olib boradi. Murojaatlar bo‘yicha ham qator ishlarni olib boramiz. Mamlakatdan chiqib ketayotganda har bir mehnat muhojiri bilishi lozim bo‘lgan jihatlar bo‘yicha o‘quvlar tashkil qilinishi juda muhim, nazarimda.

Gulruh Mo‘minova.