Surxondaryo viloyati hokimining salomatligi to‘g‘risida yolg‘on xabar tarqatganlarga qonuniy chora ko‘rildi
“Surxondaryo viloyati hokimining salomatligi to‘g‘risida yolg‘on xabar tarqalgani holati viloyat prokuraturasi tomonidan tezkorlik bilan nazoratga olinib, holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi ta’minlandi.
Tekshirish natijasida ushbu xabarni tarqatgan fuqaro D.O. ekanligi aniqlangan, deb xab berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
“Haqiqatchi blogerlar” akkauntini yurituvchi D.O. 1971 yilda Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. Buni qarangki, uning ma’lumoti oliy bo‘lib, Samarqand tibbiyot institutini tamomlagan. Sariosiyo tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam bo‘limida shifokor-kardiolog bo‘lib ishlaydi. Sariosiyo tumanining Sharg‘un shahrida joylashgan poliklinikada ham davolovchi shifokor sifatida faoliyat yuritadi.
Tekshirishda fuqaro D.O. ushbu xabarni unga viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimidan olganligini ma’lum qilib, ushbu ayolning ismini aytmagan. Begona ayol o‘z telefon raqamidan 24 iyul kuni soat 08:00larda qo‘ng‘iroq qilib, avvaliga muammolari haqida aytgan. Keyin esa go‘yo Surxondaryo viloyati hokimi vafot etganligi haqida bildirgan.
Shu paytning o‘zida D.O. o‘zining “Redmi NOTE 9” rusumli telefon apparatida ushbu yolg‘on (rasmiy tasdiqlanmagan) xabar to‘g‘risida post tayyorlab Facebook” hamda Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalariga joylashtirgan.
Tekshiruvda to‘plangan hujjatlar 2020 yil 24 iyulda O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 40-(tuhmat) va 46-moddasi (fuqaroga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish) bilan Uzun tumani ma’muriy sudiga yuborilgan va sudning shu kundagi qarori bilan huquqbuzar D.O.ga nisbatan ba’zaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Ish bo‘yicha dalil tariqasida olingan “Redmi NOTE 9” rusumli uyali qo‘l telefoni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etish quroli sifatida davlat foydasiga musodara qilindi.
Mazkur holat yuzasidan G.R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 40-moddasi (tuhmat) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, tegishli sud organiga yuborilgan.
So‘z erkinligi konstitutsiyaviy kafolatlangan. Ammo u boshqalarning qonun bilan himoyalangan huquq va manfaatlariga zarar yetkazmasligi zarur.