Surxondaryoda hujjatlarda bo‘sh deb ko‘rsatilgan yuk mashinasidan salkam 70 kg. giyohvandlik vositalari topildi

Davlat bojxona qo‘mitasi xabariga ko‘ra, “Sariosiyo” chegara bojxona postida respublikamizga kirib kelgan yuk avtotransport vositasi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali ko‘zdan kechirilganda hujjatlarda ko‘rsatilgani kabi “bo‘sh” emasligi aniqlangan.

Bojxona xodimlari va Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda avtotransport vositasi chuqurlashtirilgan bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, uning kabinasidagi ko‘z ilg‘amas bo‘shliqlarga 66 ta o‘ramlar yashirilgani fosh bo‘lgan.

Mazkur o‘ramlar ochib ko‘rilganda esa, ularning 30 tasida 31,9 kg. og‘irlikda “geroin”, 36 tasida esa 37,3 kg. og‘irlikdagi “gashish” giyohvandlik vositasi joylangani ma’lum bo‘lgan.

Shunday qilib, mazkur holatda jami ushlanib qolingan giyohvandlik vositalarining og‘irligi o‘rami bilan hisoblaganda 69,2 kg.ni tashkil qilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.