Suvni “o‘chirib” bo‘ladimi?

So‘z o‘ziga xos xususiyatga ega. Tilimizda qalb ifodasi sifatida suhbat jarayonida o‘z o‘rnida to‘g‘ri qo‘llangan har bir so‘z kishi kayfiyatiga kuch bag‘ishlaydi. E’tiborsizlik soyasida noto‘g‘ri qo‘llanib kelinayotgan ayrim so‘zlar borki, uzoq yillar davomida ham tilimizga singib ketolmay ajralib turadi.

XX asrning birinchi choragi oxirlarida fuqarolar ro‘yxat qilinganda rus tilidagi “familiya, imya, otchestvo” so‘zlari tarjima qilinib, “familiyasi, ismi, otasining ismi” shaklida qo‘llangan. Ammo o‘tgan asrning saksoninchi yillaridan qadimdan ajdodlarimiz o‘z o‘rnida juda to‘g‘ri qo‘llagan “ism-shariflari” iborasi noto‘g‘ri talqin qilinib, “familiyasi, ism-sharifi” shaklida yozildi. Aslida ajdodlar “ism-sharifingiz qanday?”, ya’ni “sharofatli ismingiz qanday?”, deb munosabat bildirishgan. Amalda qo‘llanayotgan hozirgi holda, ya’ni familiyasi, ism-sharifi deyilganda familiyasi va ism-sharifi (ismi ulug‘lanib) aytilyapti, otchestvo, ya’ni otasining ismi e’tibordan tushib, umuman, qo‘llanmayapti. Fuqaroning o‘z tilida mavjud iborani nojoiz talqin qilishi tufayli so‘zning amalda noto‘g‘ri qo‘llanilishi kishiga erish tuyuladi. 

Buxoro – Toshkent magistral yo‘lida “puteprovod”, “yo‘l o‘tkazgich” so‘zlari yozilganligining guvohi bo‘lasiz. “Puteprovod” so‘zini rus tilidan “yo‘l o‘tkazgich” shaklida so‘zma-so‘z noto‘g‘ri tarjima qilish tufayli tarjima buzilgan. 1954 yilda nashr etilgan “Russko-uzbekskiy slovar”da “Puteprovod – osma yo‘l (bir yo‘lning tepasidan ko‘prik qilib o‘tkazilgan ikkinchi yo‘l)” shaklida tarjima qilingan (Russko-uzbekskiy slovar. Gosudarstvennoye izdatelstvo inostrannix i natsionalnix slovarey, – Moskva: 1954, –str. 683). Yo‘l ustida qurilgan ko‘prikka nisbatan qo‘llangan “puteprovod” so‘zini “yo‘l o‘tkazgich” deb tarjima qilish va qo‘llash g‘alati tuyuladi. Shu bois qurilgan yo‘l ustidan ko‘prik o‘rnatilib yana bir yo‘l o‘tkazilgan ekan “yo‘l usti ko‘prigi”, quyidagi yo‘lga nisbatan esa “ko‘prik osti yo‘l” shaklida qo‘llansa, mavjud qusurga barham berilgan bo‘ladi. 

Ba’zan ommaviy axborot vositalarida qo‘llangan g‘alati iboralar goh ko‘zga tashlanib, goh eshitilib turadi. “Aholiga suvni o‘chirib qo‘ydi” yoki “suvni o‘chir”, deyilsa, erish tuyuladi. Aslida elektr o‘chiriladi. Ammo daryo yo ariqdan oqib keladigan suv bog‘lab, quvurdan bosim bilan keladigan suv jo‘mrakni burab yopib to‘xtatiladi. Bas shunday ekan, suvga nisbatan “o‘chiraman” deb emas, “to‘xtataman” shaklida qo‘llansa, ko‘ngildagiday bo‘ladi. 

Fuqarolarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma va pasportlaridagi nuqsonlar ham ancha bolalab ketgan. Savodi o‘ziga yarasha bo‘lgan bir shaxsning aybi bilan fuqarolarning familiyasi va ismining noto‘g‘ri yozilishi tashvishli muammoga aylanadi. Chunki voyaga yetib, esini tanigan kishi o‘z familiyasi va ismini yozishdagi xato tufayli yuz bergan chalkashlikdan xunobi oshib aziyat chekadi hamda xijolatda qoladi. Yuldashni Yo‘ldoshga, Pattani Fattohga, Mamatni Muhammadga, Abrini Obro‘ga, Saypillani Sayfulloga, Parmonni Farmonga, Rayimni Rahimga, Xodjayevni Xo‘jayevga aylantirish ancha mehnat va mashaqqatdan tashqari kurashishga ham da’vat etadi. 

O‘zidan yoshi jihatidan ulug‘ bo‘lgan kishini ismini aytib chaqirish milliy urf-odatlarimizga mutlaqo yot. Ismga qarindoshlik darajasi qo‘llab aytilsa, juda to‘g‘ri bo‘ladi: Husan aka, Hasan bobo. Ammo hammaga ham nasib bo‘lmaydigan martabaga – Alloh siyloviga sazovor insonlarni ismidan keyin martabasi qo‘llansa mensimaslikday, kesatiqday erish tuyuladi: Qobil hoji, Olim deputat. Agar martaba ismdan oldin qo‘llansa, martaba ulug‘lanadi, fuqaroning hurmati ham joyiga qo‘yiladi: Hoji Qobil bobo, deputat Olim aka. 

Jahon san’ati yulduzlaridan biri bo‘lmish Amir Xon haj amallarini bajarib, vatani - Hindistonga qaytib kelgandan keyin hoji so‘zini o‘z ismidan oldin, ya’ni Hoji Amir Xon shaklida qo‘llanilishini ma’qul ko‘rganligini g‘urur va iftixor bilan ma’lum qildiki, bu ham ibratdir. 

Kishilarni kasbi va mansab darajasini qo‘llashda ham mensimaslik va kesatish aniq bilinadi: Odil mulla, Hoshim muallim, Mo‘min rais, Qodir rektor.

Kasb va mansabni ulug‘lab munosabat bildirilishi ko‘ngilda hadik qoldirmaydi: Mulla Odil bobo, Muallim Hoshim aka, rais Mo‘min aka, rektor Qodir aka. 

Faraz qiling: “Qizimizga Mavjuda tarbiyachi harf o‘rgatdi”, degandan ko‘ra, “Qizimizga tarbiyachi Mavjuda opa harf o‘rgatdi”, deb fuqaroning kasbini e’zozlab, ismi (yoki familiyasi)dan oldin qo‘shib aytilsa, to‘g‘riroq bo‘lmaydimi? 

Respublikamizni mamlakatlar bilan bog‘lab turgan magistral yo‘l chetlarida kolxoz, sovxozlar tugatilgandan keyin antiqa yozuvlar paydo bo‘ldi: “... nomli fermerlar uyushmasiga xush kelibsiz”. Aslida sobiq kolxozlar hududida hech qanday fermerlar uyushmasi tashkil etilgan emas. Chunki alohida “.... nomli fermer xo‘jaligi” va “... nomli MMTP (muqobil mashina, traktor parki) direksiyasi” mavjud. Amalda bo‘lmagan “fermerlar uyushmasi” nomi bilan hududlarda peshtaxtalar o‘rnatishga buyruq bergan ayrim rahbarlarning qonun talablaridan mutlaqo bexabarligidan, ayni vaqtda hududiy birliklar yuzasida tushunchasi torligidan ko‘ngil xijil bo‘ladi. 

“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunning 5- moddasida “Shaharchalar, qishloqlar, ovullar va mahallalar fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishning hududiy birliklaridir”, deb yozilgan. Bas shunday ekan, qonun talablariga amal qilgan holda “... mahallasiga xush kelibsiz”, deb yozilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. 

Viloyatlardagi radio va televideniyeda “...nomli fermerlar uyushmasida yashovchi fuqaro...” tarzida tez-tez befarqlik bilan efirga berilayotgan e’lonlar ham kishini ajablantiradi. Qishloqlarga qadam ranjida qilgan muxbir sobiq kolxoz, sovxoz hududlaridagi biror fermerlar uyushmasida bo‘lganmikan, hatto borligini bilarmikan?! U hududiy birlik to‘g‘risida nahotki tushunchaga ega bo‘lmasa?! 

Magistral yo‘llarning chetlarida yo‘lchilarning o‘zboshimchaligi va loqaydligi bilan shaxslarning hamda joylarning nomlari yozilgan ko‘rsatkichli peshtaxtalar paydo bo‘ldi: “Omonov ko‘chasi”, “O‘rta yo‘l”. Nom qo‘yish masalasi tumanlarda faoliyat ko‘rsatayotgan nom qo‘yish komissiyalari tomonidan ko‘rib chiqilib, ularning tavsiyasi bilan asosan viloyat komissiyalari qarorlariga asosan amalga oshiriladi. Har bir hududda ko‘rsatkichli peshtaxtalar o‘rnatishda mahalliy hokimliklar bilan kelishib, tegishli hujjatlarga tayangan holda rasmiylashtirilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. 

So‘zni ardoqlab, yozuvni sharaflab yozgan asarlari bilan ko‘pchilikka manzur bo‘lgan, tinib-tinchimas, taniqli tilshunos olim Ravshan Jomonov haq gapni aytgan: “Ona tilimiz – muqaddas, u – qanchalar zug‘umlardan omon qolgan, ajdodlardan meros bo‘lib o‘tgan ilohiy ne’mat!”. 

Til – bobo-momolar beg‘araz meros qilib qoldirgan bebaho boylik. Uni sofligicha saqlash, amal qilish, yanada boyitish, avlodlarga asrab-avaylab yetkazish har birimizning muqaddas va sharafli burchimiz. Ayni vaqtda til qoidalariga rioya qilib, og‘zaki va yozma shakllarda ham so‘zlarni amalda to‘g‘ri qo‘llash milliy qadriyatlarga hurmat bilan qilingan yuksak munosabatning yorqin ko‘rinishidir. 

Ismat SANAYeV, 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.