Suvni tejashning samarali usuli - zamonaviy texnologiya
Bugun dunyo miqyosida suv resurslarining kamayib borayotgani, iqlim o‘zgarishlari va aholi sonining tez sur’atlarda ortishi suvdan oqilona foydalanish masalasini nihoyatda dolzarb qilib qo‘ymoqda. Ayniqsa, chuchuk suv zaxiralari cheklangan hududlarda suv tanqisligi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. So‘nggi yillarda suv resurslaridan samarasiz foydalanish, eskirgan sug‘orish tizimlari va suvni tejash madaniyatining yetarli darajada shakllanmaganligi oqibatida suv isrofi kuchaymoqda. Bu nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar hayoti uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Shu sababli suv resurslarini tejash, ularni muhofaza qilish va oqilona boshqarish har bir davlat va jamiyat oldida turgan ustuvor vazifalardan biriga aylandi.
Vaholanki, suv resurslarini tejash masalasi nafaqat ekologik, balki ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega. Aholi sonining o‘sishi, iqlim o‘zgarishlari, qurg‘oqchilik holatlarining ko‘payishi va suvdan samarasiz foydalanish kelajakda chuchuk suv tanqisligi xavfini yanada kuchaytiradi.
Suv inson salomatligi, qishloq xo‘jaligi, sanoat va kundalik turmush uchun juda zarur resurs. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish hajmi katta bo‘lib, sug‘orish tizimlaridagi yo‘qotishlar umumiy suv sarfining sezilarli qismini tashkil etadi. An’anaviy sug‘orish usullarida suvning katta qismi bug‘lanib ketishi yoki tuproqqa singib, samarasiz sarflanishi kuzatiladi. Bu esa suv resurslariga bo‘lgan bosimni yanada oshiradi.
Shunday ekan, suv resurslarini tejashning eng samarali usuli zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdir. Tomchilatib sug‘orish, yomg‘irlatib sug‘orish kabi innovatsion usullar suv sarfini bir necha barobar kamaytiradi. Ushbu texnologiyalar orqali nafaqat suv tejaladi, balki hosildorlik oshadi, tuproq unumdorligi saqlanib qoladi.
Aholining suvdan foydalanish madaniyatini oshirish ham muhim ahamiyatga ega. Kundalik hayotda suvni behuda sarflash holatlari ko‘p uchraydi. Masalan, ochiq qoldirilgan jumraklar, nosoz quvurlari, ortiqcha suv bilan yuvish ishlari katta hajmdagi suvning isrof bo‘lishiga olib keladi. Bu holatda aholi o‘rtasida tejamkor odatlarni shakllantirish orqali ham sezilarli natijalarga erishish mumkin.
Sanoat korxonalarida suvni qayta ishlatish, yopiq aylanish tizimlarini joriy etish suv resurslarini muhofaza qilishda muhim rol o‘ynaydi. Texnologik jarayonlarda suvdan bir martalik emas, balki qayta foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ekologik barqarorlikni ta’minlaydi. Bu esa ishlab chiqarish tannarxining pasayishiga ham xizmat qiladi. Shuningdek, suv resurslarini tejashda huquqiy va institutsional choralar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Suvdan foydalanishni tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish, suv hisobini aniq yuritish, monitoring va nazorat tizimlarini kuchaytirish orqali suv resurslaridan oqilona foydalanish mumkin. Bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ayniqsa, ijobiy samara beradi.
Qurg‘oqchilik va suv taqchilligi kelajakda oziq-ovqat xavfsizligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Suvni tejash bugungi kun emas, balki kelajak avlodlar taqdiriga daxldor masala sifatida qaralishi lozim. Bugun suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muayyan ijobiy natijalar bermoqda. Xususan, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish natijasida qishloq xo‘jaligida suv sarfi kamayib, hosildorlik oshayotganligi kuzatilyapti. Bu holat suvni tejash nafaqat ekologik, balki iqtisodiy jihatdan ham samarali ekanligini tasdiqlaydi.
Aholi o‘rtasida suvdan foydalanish madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari muhim natijalar bermoqda. Suvni tejashga oid oddiy qoidalarga amal qilinishi, masalan, nosoz quvurlarni o‘z vaqtida ta’mirlash, ortiqcha suv sarfini kamaytirish kabi tadbirlar orqali katta hajmdagi suv yo‘qotilishining oldi olinmoqda. Bu esa suv resurslarini muhofaza qilishda har bir fuqaroning mas’uliyati muhim ekanini ko‘rsatadi. Ammo ayrim hududlarda suv ta’minoti infratuzilmasining eskirgani, suv hisobining yetarli darajada yuritilmasligi suv isrofini keltirib chiqaryapti. Bundan tashqari, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etishda moliyaviy va tashkiliy to‘siqlar mavjudligi jarayonni sekinlashtirmoqda.
Sanoat va xizmatlar sohasida suvni qayta ishlatish tizimlarining yetarli darajada rivojlanmaganligi muhokama qilinadigan muhim masalalardan. Yopiq suv aylanish tizimlarini keng joriy etish orqali ishlab chiqarish jarayonlarida suv sarfini sezilarli darajada kamaytirish mumkin. Bu borada davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurati mavjud. Suv resurslarini tejash faqat texnologik yechimlar bilan cheklanib qolmasligi kerak. Ushbu jarayon kompleks yondashuvni, ya’ni huquqiy mexanizmlar, iqtisodiy rag‘batlantirish, ta’lim va targ‘ibot ishlarini uyg‘unlashtirishni talab etadi. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ekologik ongni shakllantirish suvni asrash bo‘yicha uzoq muddatli natijalarga erishishda muhim ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, suv resurslarini tejash — bu davlat yoki mutasaddi tashkilotlarning vazifasi emas, balki har bir fuqaroning burchi. Suvni asrash orqali kelajagimizni asraymiz.
Farrux QODIROV,
Shahrisabz davlat pedagogika instituti kafedra mudiri, iqtisod fanlari doktori.