Suvning qadri bor, iste’molchiniki yo‘qmi?

2021 yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida Samarqandda ichimlik suvi va oqova xizmatidan foydalanish qoidalari buzilish holatlari bo‘yicha sudlarga 200 dan ziyod da’vo arizalari kiritilgan. Albatta, bu suv tanqisligi sharoitida hali ham suvni qadrlamaslik holatlari ko‘p ekanini anglatadi. Ammo... ba’zi holatlar borki, suvni isrof etmasdan, hujjat borasidagi bitta arzimagan xato bilan iste’molchi yoki tadbirkor 100 millionlab jarimaga tortilib, xonavayron holatga keltiriladi. Samarqandlik jurnalist Sadriddin Nabiyev shu haqda o‘z mulohazalarini bildirdi:
Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-sonli qarori bilan “Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalari” tasdiqlangan bo‘lib, mazkur qoidalar ichimlik suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish markazlashtirilgan tizimlaridan foydalanish sohasida suv quvurlari, kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari bilan iste’molchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Keyingi yillarda Samarqand shahrida ichimlik suvi va oqova xizmatlari haqini undirish to‘g‘risidagi da’volarning sudlarga berilishi ortib borayotganligi iste’molchilar tomonidan markazlashgan ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlariga ulanish, ulardan foydalanish qoidalarini buzish holatlari ko‘payganligini ko‘rsatmoqda.
Masalan, «Samarqand suv ta’minoti» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan viloyat iqtisodiy sudlariga 2021 yilning 10 oyi davomida “Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalari”ga rioya etilishi yuzasidan tuzilgan dalolatnomalarga asosan ichimlik suvi va oqova xizmati haqini undirish haqida 208 ta da’vo ariza kiritilgan. Sudlar tomonidan 180 ta ish ko‘rib, hal etilgan. 142 ta da’vo arizasi qanoatlantirilib, iste’molchilardan “Samarqand suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga 5 milliard 732 million so‘m undirish to‘g‘risida hal qiluv qarorlari qabul qilingan.
Ko‘rib chiqilgan shu toifadagi ishlarning tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, nizolar aksariyat hollarda iste’molchilar markazlashgan ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib olishlari va foydalanishlari, suv o‘lchagich asboblaridagi tamg‘alarning saqlanmaganligi, suv o‘lchagich asboblarini o‘z vaqtida qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazish choralarini ko‘rmaganligi, tamg‘alanmagan suv o‘lchagich asboblaridan foydalanilganligi oqibatida kelib chiqmoqda.
Misol uchun, Samarqand shahar iqtisodiy sudiga da’vogar – “Samarqand suv ta’minoti” MChJ javobgar – Samarqand shahar 107-son maktabgacha ta’lim tashkilotiga nisbatan da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Arizada ko‘rsatilishicha, suvdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan Samarqand shahridagi 107-maktabgacha ta’lim tashkilotida tekshirish o‘tkazilganda tashkilot markazlashtirilgan suv ta’minoti tizimiga D-32 mm. plastmass quvur orqali ulanganligi ma’lum bo‘lgan. Ammo suv o‘lchagich asbobi ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan foydalanilgani uchun javobgardan suv va oqova xizmati uchun 324 million 111 ming so‘m undirishni so‘ragan.
Sudda MTTdan “Suvoqova” foydasiga 207 million 678 ming so‘m undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilgan.
Endi savol tug‘iladi. 107-son maktabgacha ta’lim tashkiloti, ya’ni, bolalar bog‘chasi D-32 mm. diametrli quvur orqali suv tarmog‘iga ulangan ekan. Suv o‘lchagich asbobi o‘rnatgan, lekin uni ro‘yxatdan o‘tkazmabdi. Shuning uchun da’vogar 324 million 111 ming so‘m undirishni so‘ragan. Chunki, yuqorida ta’kidlangan 194-sonli qarorda shunday tartiblar belgilangan.
Endi masalaga boshqa tomondan qaraylik ichimlik suv va oqovani qo‘shib hisoblaganda 59 ming 646 kub metr suv va oqovani puli bo‘ladi. Bolalar bog‘chasining aybdorligi aniq. Lekin 207 million 678 ming so‘m to‘lash bitta bolalar bog‘chasi uchun juda ko‘p emasmi? Xo‘sh, bu pulni kim to‘laydi, davlat byudjetimi yo bolajonlarmi?
Ikkinchi misol. Samarqand tumani “Mamatkulov sanat savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qiladi. Do‘kon ijaraga olingan.
Do‘konda qo‘l yuvish uchun bitta suv jo‘mragi va rakovina mavjud. Suvdan faqat maishiy maqsadda foydalaniladi. Jamiyat rahbarlarini Toyloq tumanlararo sudiga chaqirishdi. Ma’lum bo‘lishicha, “Samarqand suv ta’minoti” MChJ tadbirkordan 84 million so‘m undirishni so‘rab Toyloq tumanlararo sudiga murojaat qilibdi. Tadbirkor hayron.
Sud jarayonida ma’lum qilinishicha, 2020 yil 6 fevral kuni mazkur savdo do‘konida “Suvoqova” DUK xodimlari tomonidan tekshirish o‘tkazilib, suv o‘lchagich asbobi ishlamayotganligi aniqlanib, bu haqda dalolatnoma tuzilgan. Shunga asosan do‘konda suv hisoblagich o‘rnatilgan 2017 yil 7 iyundan 2020 yil 6 fevralgacha bo‘lgan davrda suv hisobsiz ishlatilgan deb, Vazirlar Mahkamasining 194-sonli qarori bilan tasdiqlangan Qoidalariga ko‘ra hisoblab, 84 million so‘m zarar yetkazilgan deb xulosa qilishibdi.
Tadbirkor bundan bexabar. Unda dalolatnoma nusxasi ham yo‘q. Chunki dalolatnoma tuzilganligini bilganida kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf qilib, ishni sudga yetkazmay hal qilgan bo‘lar edi. Bu masala o‘z vaqtida bajarilsa, arzimagan ish bo‘lardi. Chunki tadbirkor 2019 yil yanvar oyigacha o‘z vaqtida hisobot topshirib, to‘lovlarni amalga oshirib kelgan. Da’vogar esa hisoblashni 2017 yil 7 iyundan boshlab turibdi. Buning ustiga 2021 yil 4 fevralda “Samarqand suv ta’minoti” MChJ 01/14-434/79-sonli talabnoma bilan murojaat qilib, 84 million so‘m qarzdorlikni to‘lashni so‘rab murojaat qilganmiz, lekin javobgar to‘lash chorasini ko‘rmadi, deb turibdi. To‘g‘ri, da’vogar bu talabnomani chiqarib, imzo, muhr qo‘yib o‘z hujjatlariga o‘z vaqtida tikib qo‘ygandir. Lekin yuqorida aytilganidek, tadbirkor bu talabnomadan bexabar. Raqamlar esa e’tiborsiz qoladigan emas, dahshatga tushiradigan summa! Axir 84 million so‘m 24077 kub metr suv, degani. Vaholanki do‘kon bir yil (2018 yil) davomida bor-yo‘g‘i 30 kub metr suv ishlatgan. Bir oyda 3 kub metr, bir yilda 30-36 kub metr atrofida suv ishlatganda ham bu salkam 668 yillik (!) davrga yetadi. Yoki boshqacha aytganda suv hisoblagich asbobi buzilganligi uchun salkam YeTTI ASRlik suvning pulini to‘lash kerak bo‘ladi!
Hujjatlarda suv quvuri 20 mm. ekanligi ko‘rsatilib, shu asosda hisob-kitob qilingan. Shu faktning o‘zi ham nazoratchilar dalolatnomani savdo do‘konida tuzganligini ikkinchi marta shubha ostiga qo‘yadi. Chunki, quvurning hajmini aniqlash uchun uni bir ko‘rish kifoya. Demak, ular do‘kondagi quvurni ko‘rmagan! Tadbirkor quvur 15 mm.lik ekanligini ma’lum qilganidan keyin da’vogar qayta hisob-kitob qilib, summa 64 million 582 ming so‘mga qayta hisoblandi va sud shuni inobatga oldi.
Sudning 2021 yil 10 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan “Mamatkulov san’at savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan “Samarqand suv ta’minoti” MChJ foydasiga 64 million 582 ming so‘m undirish belgilandi. Bu ham Vazirlar Mahkamasining 194-sonli qarori bilan tasdiqlangan qoidalar biryoqlama, monopol va o‘ta keskin tarzda yozilganiga ishora qilyapti.
Tadbirkor esa Oliy sudga shikoyat yozib, katta umidlar bilan ko‘z tikib turibdi.
Jinoiy jazolar liberallashtirilib, hatto, yetkazilgan zararni qoplagan, aybiga iqror bo‘lgan, qilmishiga pushaymon bo‘lib kechirim so‘ragan, qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tgan jinoyatchilarning jazosi yengillashtirilyapti. Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar belgilanmoqda. Qamoqdagilar ozod qilinayapti-yu suv ishlatish qoidasini ozgina buzganlar shafqatsizlik bilan jazolanyapti, xonavayron qilinyapti. Boshqacha ta’rif berish qiyin!
Bo‘lmasa, suv sarfidan qizg‘anib 15 mm.lik quvur ulagan, oyiga o‘rtacha 3 kub metr suv ishlatadigan, bir yilda ichimlik suv uchun 51120 so‘m to‘lab kelayotgan tadbirkorning bo‘yniga har zamonda qo‘l yuvgani uchun 64,5 million(!) so‘m ilib qo‘yish adolatdanmi?
Qashqadaryo viloyat iqtisodiy sudining appelyasiya sudlov hay’atida ko‘rilgan ishga e’tibor qarating.
Suvdan foydalanish uchun Qarshi shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi “Ofset Fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan “Qashqadaryo suv ta`minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida 2021 yil 4 yanvarda №000243-sonli shartnoma tuzilgan. Tadbirkor hisoblagich o‘rnatib, hisoblagichni muhrlash uchun ariza bilan Davlat xizmatlari orqali murojaat qilgan. Biroq, metrolog xodimlarning ish hajmi ko‘pligi sababli murojaat o‘z vaqtida (sud hujjatida shunday yozilgan) o‘rganib chiqilib, javob berilmagan.
Oradan 3 oy o‘tib, 2021 yil 23 martda “Qashqadaryo suv ta`minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati xodimlari kelib tekshirish o‘tkazgan va 20 mm. ichimlik suv quvuridan suv o‘lchagich asbobi standart muhri mavjudligi, ammo suv qudug‘i sanitariya holatiga javob bermasligi va suv o‘lchagich asbobi suv ta’minoti bo‘limining nazorat muhri yo‘qligini aniqlab(!) 8 million 375 ming so‘m zarar hisoblagan va dalolatnoma tuzgan.
Ish sudgacha borgan. Birinchi instansiya sudi “Qashqadaryo suv ta`minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatining da’vosini qanoatlantirib, tadbirkordan 8 million 375 ming so‘m zarar undirish haqida hal qiluv qarori chiqargan. Tadbirkor viloyat sudiga appelyasiya shikoyati yozgach, adolat qaror topib, zararni undirish rad etilgan.
Qarang-a: suv o‘lchagich asbobi standart muhri mavjud bo‘lgan, nazorat muhri uchun murojaat qilib javob ololmagan tadbirkor 3 oygina 20 mm.li quvurdan suv ishlatib “Qashqadaryo suv ta`minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 8 million 375 ming so‘m zarar yetkazib qo‘yibdi. Bunga ham asos o‘sha 194-qaror!
Bunday misollarni juda ko‘p keltirish mumkin. Va bu bilan qaysidir tashkilotni oq, boshqasini qora deyishdan yiroqmiz. Ta’kidlaganimizdek, iste’molchilar ham butunlay aybsiz emas. Da’vogar bekorga da’vo kiritmaydi. “Samarqand suv ta’minoti” MChJ ham talab darajasida ishlayotgan iste’molchilarga hech qanaqa e’tiroz bildirayotgani yo‘q va o‘zaro hamkorlikda ishlamoqda. Sudlar ham adolat nuqtai nazaridan xulosa qilishga harakat qilayapti, biroq amaldagi qonunchilikdan chetga chiqib bo‘lmaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-sonli qarori qabul qilingan paytda balki keskin choralar qo‘llash kerak bo‘lgandir.
Zamon va jamiyat o‘zgarishiga qarab kodekslar, qonunlar, hatto Konstitutsiyaga tegishli o‘zgartirishlar kiritilayotgan bir paytda mazkur qaror qayta ko‘rib chiqilishi, liberallashtirilishi kerak emasmi?
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, hattoki Jinoyat kodeksida jazoni yengillashtirish, yengilroq jazo berish amaliyotlari bor. Iqtisodiy jinoyatlar toifasida yetkazilgan zararlar qoplansa yengil jazo tayinlash, jazodan ozod qilish holatlari bor. E’tibor qiling, jinoiy qilmish uchun yengilliklar bor! Lekin qoidabuzarlik sanalgan holat uchun 194-qarorda biror turdagi yengillashtirishga imkon qoldirilmagan.
To‘g‘ri, mazkur qarorni bandma-band tahlil qilmadik, bu mutaxassislar va huquqshunoslarning vazifasi. Balki, ba’zi joylarini noto‘g‘ri talqin qilgandirmiz. Lekin yuqoridagi misollar fakt!
Aytmoqchi bo‘lganimiz, jazo ham, jarima ham, xullas, har qanday ta’sir chorasi qilmishga yarasha bo‘lishi kerak. Shunda u tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ladi.
Sadriddin NABIYeV,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi.