Suvoqchi, haydovchi va novvoy chempionlar safida
Kattaqo‘rg‘on shahridagi Zomin mahallasi yoshlari "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida o‘tkazilgan sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishyapti.
- O‘zim oddiy usta - suvoqchiman, - deydi Sarvarjon Ibodullayev. – Mahallamizda uyushmagan yoshlar birlashib, maktab sport zalida basketbol bilan shug‘ullanib turardik. "Besh tashabbus olimpiadasi"da qatnashib, respublika bosqichida g‘olib bo‘ldik va mukofot sifatida "Vorkaut maydonchasi" qurib berildi.
- 2022 yilda o‘tkazilgan olimpiadaning birinchi bosqichida turli hunar egalaridan iborat yoshlar jamoasi stritbol sport turi bo‘yicha respublikada ikkinchi o‘rinni egalladi, - deydi mahalla yoshlar yetakchisi Umidjon Toyirov. – Natijada mahalla hududida "Vorkaut maydonchasi" qurib berildi. Shuningdek, shu yil ikkinchi mavsumda mahallamiz yoshlaridan biri Firdavs Ro‘ziyev strit-vorkaut yo‘nalishi bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, universal sport maydonchasi qurib berilishiga sababchi bo‘ldi.
Ahamiyatlisi, har ikkala maydoncha ham mahallada joylashgan 8-maktab hovlisida bunyod etildi.
- Maktabimizning yopiq sport zali nafaqat o‘quvchilar, balki mahalla ahli uchun ham xizmat qiladi, - deydi maktab direktori Azizjon Vahobov. – Natijada mahallaning uyushmagan yoshlari sport musobaqalari g‘oliblariga aylanyapti. Ularga rahmat. Maktabimizda 2 gektar yer maydoni bor. Yoshlarimiz qancha yutuqqa erishsa, ular uchun sport maydonchalari qurib beriladigan bo‘lsa joy topiladi.
Kattaqo‘rg‘on yoshlari "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasidagi musobaqalarda erishgan yutuqlari natijasida shaharda jami 10 ta sport maydonchasi barpo etildi va yildan-yilga ular sonini ko‘paytirib borish maqsad qilingan.
To‘lqin Siddiqov,
Husan Eltoyev.