«Suyunchi puli» uchun endi pensiya jamg‘armasiga borish shart emas
- Shu paytgacha bola tug‘ilganda suyunchi nafaqasi va dafn etish nafaqasi tayinlashni so‘rab pensiya jamg‘armasiga murojaat qilar edik. Endi boshqacha tartib joriy etildi, deb eshitdik. Shu rostmi?
Valixon To‘xtayev, Payariq tumani.
- Ha, bu borada fuqarolar uchun yengillik yaratildi. Vazirlar Mahkamasi joriy yil 23 may kuni “Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Qarorga ko‘ra, bir qator ma’muriy reglamentlar tasdiqlandi.
Jumladan, joriy yilning 1 iyunidan boshlab fuqarolar farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa (suyunchi puli) va dafn marosimi uchun nafaqa tayinlash, shuningdek, pensiya va nafaqa oluvchilar ro‘yxatida mavjudligi haqida hamda pensiya va nafaqa miqdori to‘g‘risida ma’lumotnomalarni davlat xizmatlari markaziga (DXM) borgan holda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali olish mumkin.
Bunda barcha ishlovchi yoki ishlamaydigan fuqarolar bola tug‘ilgan kundan 6 oy ichida, dafn etish nafaqasini esa vafot etgan kundan 60 kun ichida DXM yoki YaIDXP orqali murojaat etishlari lozim bo‘ladi.
Fuqarolar suyunchi va dafn nafaqasini olish uchun o‘zlariga qulay bo‘lgan Xalq banki filialini tanlagan holda, nafaqalarni ushbu filial orqali olish imkoniyatiga ega.
Tegishli so‘rovnoma Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga yuboriladi. Pensiya jamg‘armasi o‘z navbatida nafaqani tayinlash yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Nafaqa tayinlangan taqdirda, nafaqani qachon va qayerdan olish to‘g‘risida ma’lumot, nafaqa tayinlash rad etilganda rad etish sabablari ko‘rsatilgan ma’lumot tegishli davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga elektron tarzda yuboriladi. Mazkur davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun yig‘im undirilmaydi.
Ma’lumot o‘rnida: korxona va tashkilotlar hozirda amaldagi tartibga ko‘ra joriy oy uchun nafaqa va boshqa to‘lovlarni qoplashga pensiya jamg‘armasi bo‘limlariga keyingi oyning 10 sanasiga qadar talabnoma taqdim etadilar. Shundan kelib chiqib ishlovchi fuqarolar bo‘yicha suyunchi yoki dafn etish nafaqasini iyun oyining 10 sanasiga qadar taqdim etishlari kerak bo‘ladi va keyinchalik iyul oyidan boshlab suyunchi yoki dafn nafaqasi uchun talabnomalar taqdim etilmaydi.
Savolga Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Abdurashid Rahimov javob berdi.