Talaba farzandli bo‘lsa, suyunchi pulini kim beradi?
Keyingi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda suyunchi nafaqasini olish tartibi bo‘yicha turli ma’lumot va fikrlar tarqalmoqda. Ularda qonunchilikni noto‘g‘ri talqin qilish holatlari ham uchraydi. Biz soha mutaxassislariga mazkur masalalar yuzasidan murojaat qilib, izoh oldik.
- Talaba farzandli bo‘lsa, unga oliy ta’lim muassasasi tomonidan bir martalik suyunchi nafaqasi beriladimi? Uning tartibi qanday?
- Qonunchiligimizda bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 70,3 foizi deb belgilangan. 2023 yilning 1 dekabridan bu miqdor 738150 so‘mni tashkil etadi.
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 80-bandiga ko‘ra, ishlayotgan ayollarga hamda ishlab chiqarishdan ajralgan holda oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida, magistratura, aspirantura, klinik ordinatura, doktoranturada tahsil olayotgan ayollarga bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa tegishlicha ish yoki o‘qish joyidan to‘lanadi.
Bolaning onasi ishlamaydigan va o‘qimaydigan hollarda nafaqa bolaning ishlaydigan yoki ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘qiydigan otasi yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslarga to‘lanadi. Ishlamaydigan va o‘qimaydigan ota-onalarga esa tegishli to‘lov ijtimoiy ta’minot bo‘limlari tomonidan to‘lanadi.
- Suyunchi nafaqasini olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
- Xalq tilida “suyunchi” nafaqasi deb ataladigan bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa amaldagi qonunchilikka muvofiq, har bir tug‘ilgan farzand uchun alohida to‘lanadi. Uni tayinlash bo‘yicha xizmatlar 2020 yildan boshlab fuqaroning murojaatisiz kompozit shaklida amalga oshirilmoqda.
Ya’ni, bola tug‘ilganda bolaga beriladigan familiya, ism va otasining ismi, ota-ona va ularning nikohi, bola ro‘yxatga qo‘yiladigan poliklinika va ichki ishlar bo‘limi, navbatga qo‘yiladigan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti haqidagi barcha ma’lumotlar tibbiyot muassasasi tomonidan "Tug‘ilish va o‘limni, shu jumladan, perinatal o‘limni elektron ro‘yxatga olish" avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritiladi.
Pensiya jamg‘armasi suyunchi nafaqasini elektron shaklda olingan ma’lumotlar asosida avtomatik ravishda tayinlaydi.
Savollarga Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazi xodimi Bahrom Qobilov javob berdi.