Hujjatlarda “suyunchi puli” degan tushuncha mavjud emas

Ma’lumki, bola tug‘ilganda suyunchi puli beriladi, degan qarashlar mavjud.

Aslida amaldagi qonun hujjatlarida “suyunchi puli” degan tushuncha mavjud emas. Ammo bu bola tug‘ilganda davlat tomonidan beriladigan bir martalik nafaqaning xalq orasidagi keng tarqalgan nomidir.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2002 yil 8 mayda ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa ota-onadan biriga yoki uning o‘rnini bosadigan shaxsga asosiy ish yoki o‘quv joyi bo‘yicha bir marotaba to‘lanadi.

Bolaning onasi ishlamaydigan va o‘qimaydigan hollarda, nafaqa bolaning ishlaydigan yoki ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘qiydigan otasi yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslarga to‘lanadi.

Ishlamaydigan va o‘qimaydigan ota-onalarga bola tug‘ilganda nafaqa byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan tayinlanadi va to‘lanadi. Ayni vaqtda uning miqdori qonun hujjatlari bilan bola tug‘ilgan sanada belgilangan pensiya hisoblashning bazaviy miqdorining 2 baravarini (446 ming so‘m) tashkil etadi. Ikki va undan ko‘p bola tug‘ilganda yoki farzandlikka olinganda nafaqa har bir bolaga shuncha miqdordan to‘lanadi.

Adliya vazirligida 2015 yil 5 mart kunida ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tomonidan pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni to‘lashni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga ko‘ra, ishlamaydigan shaxslarga — ularning yashash joylari bo‘yicha Xalq banki filiali maxsus kassasi yoki ularning xohishiga ko‘ra, pul mablag‘larini fuqarolarning depozit hisob raqamlariga naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan tijorat bankining filiali orqali to‘lanadi.

Shuni qayd etish lozimki, bola tug‘ilganda beriladigan nafaqadan daromad solig‘i olinmaydi.

Nafaqa olish uchun quyidagi hujjatlar ish (o‘qish) joyiga yoki Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga topshirilishi lozim:

Ariza beruvchining pasporti nusxasi;

FHDYo organlari tomonidan berilgan bolaning tug‘ilganligi haqidagi guvohnomani, yo‘qotilgan taqdirda – dublikatini;

FHDYo organlari tomonidan berilgan bolaning tug‘ilganligi haqidagi ma’lumotnomani, ma’lumotnoma yo‘qotilgan taqdirda - dublikatini.

Ushbu hujjatlar tegishli ariza bilan bola tug‘ilgan kundan boshlab 6 oy ichida taqdim etilishi zarur. Bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa to‘lash to‘g‘risidagi arizalar Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlarida yuritilgan maxsus kitobga ro‘yxatga olinadi.

Bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa ish (o‘qish) joyidan to‘langanda odatda xodimning ish haqiga qo‘shib to‘lanadi.