Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi “suyunchi” pulidan voz kechishga chaqirdi

O‘zbek oilasida farzand dunyoga kelishi o‘zgacha xursandchilik va shodiyona bilan qabul qilinadi. Farzand dunyoga kelgach, uning yaqinlari doya, shifokor va hamshiralar, hatto farroshgacha “suyunchi” puli tarqatadi. Bu yomon odat an’ana tusini olib, odamlar orasida keng tarqalgan.

Mana shu yomon odat oqibatida tug‘uruq majmualarida “suyunchi tarqatish” tadbiri  korrupsiyaning tegirmoniga suv quymoqda. Bu maskanlarda ishlaydigan shifokor va hamshiralar ham qilgan “xizmatlari” uchun oylikdan tashqari, “suyunchi” ham olishga odatlanib bo‘lgan. Eng yomoni, “suyunchi”ni shifokoru hamshiralar cho‘ntagiga tiqish orqali ularni korrupsiyaga chorlayotganimizni, endigina dunyoga kelgan farzandimiz hayotining ilk kunidan korrupsiyaga aralashtirayotganimizni nahotki bilmasak?!

Aziz yurtdoshlar, tug‘uruq majmualarida davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratilgan. Yosh avlodning sog‘-salomat dunyoga kelishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan salomatligimiz posbonlari bu vazifani bajarganliklari uchun davlatdan maosh oladi. Shunday ekan, “suyunchi” bu korrupsiya, sizning ko‘rsatayotgan inoyatingiz esa jinoyatdir.

Muhtaram yurtdoshlar! Korrupsiya va jinoyatdan yiroq yuring! Endigina dunyoga kelgan go‘dagingiz hayotini korrupsiyaga aralashtirmang.

D.Jumaniyazov,

viloyat sog‘liqni saqlash

boshqarmasi boshlig‘i.