Tabiatni sevmoq, uni himoya qilmoq degani

Bu masalaning yechimi oddiy. Misol uchun, hovliga va uning oldiga chiroyli gul ekish, istirohat bog‘ida, uylar oldidagi o‘rindiqda o‘tirib, atrofga pista po‘choqlarini tashlamaslik, maysa yo‘laklarini bosib o‘tmaslik, mashinada ketayotib, shokolad yoki muzqaymoq idishini ko‘chaga tashlab yubormaslik…
Eh-he, bularni istagancha davom ettirish mumkin. Chunki barchasi o‘zimizga bog‘liq va ko‘z o‘ngimizda ro‘y beradi. Endi har birimiz o‘zimizga savol beraylik: ana shu vazifani bajaryapmizmi? Yoki ekologiyani ifloslantirayotgan kishilarga dashnom bera olyapmizmi?
Ayrimlar zahmatli mehnati bilan bog‘-rog‘lar, gulzorlar yaratmoqda. Dunyoning turli burchaklaridan noyob daraxt va gul ko‘chatlari keltirib parvarishlamoqda. Ayrimlar esa… ana shunday go‘zallik nafosatidan bahra olishdan yiroq…
Ba’zan bolasining qo‘lidan yetaklab maysali yo‘lakni bosib o‘tayotgan ota-onalarni ko‘rsam, ikkalasiga ham achinib ketaman: biri tabiatni hurmat qilishni o‘rgatmayapti, ikkinchisi esa bu noyob tuyg‘uni anglab yetmayapti. Aslida bu holat ota-onaning bolani yetaklab, avtomobil yo‘lining belgilanmagan joyidan qoidani buzib olib o‘tishi bilan barobar. Demak bu holatda ham jarima choralarini qo‘llash zarur.
Muhimi, har birimiz bunday vaziyatda «Hoy, birodar, bu maysani, gulni kimdir mashaqqat bilan o‘stirgan, u bizga nafosat baxsh etib turibdi, uni payxon qilmang!» deb ayta olaylik.
Men tabiatni sevishni, uni himoya qilishni ana shunday tushunaman.
Munisa ShAMSIYEVA,
SamDU talabasi.