Tabiiy gaz kimning yoki nimaning hisobiga iqtisod qilinadi?
- Joriy yil kuz-qish mavsumida aholi xonadonlarida tabiiy gaz muammo bo‘lmaydimi?
- Tabiiy gazni iqtisod qilish haqida ko‘p gapirilayapti, bu qanday tarzda amalga oshiriladi? Nimani hisobidan iqtisod qilish mumkin?
- Ayrim chekka hududlarida joylashgan mahallalarda maishiy gaz ballonlarini almashtirish muddati 65-70 kungacha cho‘zilib ketayotganligi haqida murojaatlar bo‘lyapti? Shuningdek, aholiga nosoz gaz ballonlari tarqatilayotgani holatlari uchramoqda. Bu kamchiliklar qanday bartaraf etilyapti?
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti korxonasi direktori o‘rinbosari Vahob Halimov jurnalistlarning shu kabi savollariga javob berdi.
Ta’kidlanishicha, viloyatdagi 836,5 mingta gaz iste’molchilarining 343,1 mingtasi tabiiy gaz bilan, qolgan aholi xonadonlari esa suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan.
- O‘tgan yili qishning qattiq sovuq kelishi natijasida tabiiy gaz bosimi pasayib ko‘plab hududlardagi aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’yektlarini gaz bilan ta’minlashga qiynalib qolgan edik,- deydi Vahob Halimov. – Biroq joriy yil ham shu ahvolga tushib qolmaslik uchun hozirgacha 799,2 kilometr tarmoq zichlikga sinalib, havo bosimi yordamida tozalandi, 514,6 kilometr yer osti gaz quvuri maxsus moslamalar yordamida tekshirilib, 4901 dona gaz taqsimlash punktlari o‘rganib chiqildi. O‘ta og‘ir hududlarda 7,7 kilometr tarmoq ta’mirlanib, rekonstruksiya qilinmoqda. Buning natijasida 11,6 mingta aholi xonadonlarida gaz ta’minoti yaxshilanadi.
Vahob Halimovga ko‘ra, energiya resurslarini iqtisod qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish hisobiga 20 foiz iqtisod qilish rejasi ishlab chiqilgan. Isitish qozonlarini ko‘mir yoqilg‘isiga moslashtirish hisobiga 29,4 million kub, gaz quvurlari va qurilmalarida ta’mirlash va profilaktik tadbirlarni o‘tkazish hisobiga 2.8 ming kub, xonadonlardagi 2 bosqichli ta’minot tizimiga o‘tkazish hisobiga qariyb 1 million kub, energiya tejamkor gaz jihozlari o‘rnatish hisobiga 24,9 million kub tabiiy gazni tejalishi ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda viloyatdagi suyultirilgan gaz bilan ta’minlanuvchi 809 ta mahallada joylashgan 493.4 ming aholi xonadoni, 428 ta ijtimoiy soha ob’yektlariga 48365 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. 6 ta gaz taqsimlash stansiyasi va punktlari, shuningdek, shartnoma asosida xizmat ko‘rsatadigan 11 ta xususiy gaz taqsimlash shoxobchalariga birkitilgan 110 ta turli maxsus mashinalar orqali aholiga yetkazib berilmoqda.
Dilmurod TO‘XTAYeV.
Husan Eltoyev olgan suratlar.