Tadbirkor doim haqmi?
Aholi murojaatlarini o‘rganish, qonun doirasida ijobiy hal etish bugungi kun rahbarlarining asosiy vazifasi hisoblanadi. Ammo fuqarolarimizda ham murojaat madaniyati shakllangan bo‘lishi maqsadga muvofiq. Olaylik, noqonuniy talab asosiga qurilgan shikoyatni qanoatlantirish imkonsiz.
Quyida shunga o‘xshash holat haqida to‘xtalmoqchimiz.
Jomboy tumanining Naymantepa mahallasida yashovchi fuqaro X.Abdullayeva bir necha oy avval tuman hokimiga murojaat qilgandi. U Naymantepa mahallasida istiqomat qiluvchi Sh.Berdiqulov 0,17 gektar maydonda noqonuniy uy qurib, yashab kelayotganini aytadi. Hujjatlar o‘rganilganda, ish sudgacha borib yetgani, bir necha instansiyalarda ko‘rilgani aniqlangan. Xususan, 2016 yil 9 sentyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan Naymantepa qishlog‘idagi 0,17 gektar maydonda qurilgan uy-joyga nisbatan Sh.Berdiqulovga egalik huquqini belgilash Jomboy tumani hokimligi zimmasiga yuklatilgan. Shunga asosan 2016 yil 10 dekabrda 2315-Q-sonli tuman hokimi qarori qabul qilingan.
O‘rni kelganda aytish joiz, X.Abdullayeva tadbirkor. Nizoli joyda ham tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida. Ammo tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash boshqa shaxslarning qonuniy huquqlarini poymol etish evaziga bo‘lmasligi kerak.
Bugungi kunda X.Abdullayeva maydon unga tegishli ekani, sud qaroridan noroziligini bildiryapti. Joriy yilda Bulung‘ur tumani ma’muriy sudiga ham murojaat qilgan. Tuman hokimining 2315-Q-sonli qarorini haqiqiy emas, deb topish hamda hududda joylashgan qozonxona binosi va binoga tegishli bo‘lgan 14,46 ga. yer maydoniga nisbatan egalik huquqini belgilash majburiyatini tuman hokimligiga yuklashni so‘ragan. Ammo 2019 yil 7 iyundagi sud ajrimi bilan ish yuritishdan tugatilgan.
Bu haqida tuman mutasaddilari tomonidan fuqaroga tushuntirish berilganiga qaramay, viloyat hokimiga qayta murojaat qiladi.
Bugun X.Abdullayevaning murojati viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov ishtirokida o‘rganib chiqildi. Tuman hokimi va barcha darajadagi tashkilot mas’ullari qatnashgan yig‘ilishda fuqaroga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirildi. Tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan do‘koni oldidan auksion savdolari orqali qo‘shimcha yer sotib olish huquqi e’tirof etildi.
Jomboy tumani hokimligi axborot xizmati.