Tafakkur ham innovatsiya

Ya’ni, baxtli hayot orzudan reallikka aylanishi lozim. Bugun odamlarning hayotini baxtli qilishning eng maqbul shakli demokratik siyosiy tartibot hisoblanadi. Buning uchun demokratiya qog‘ozda emas, balki amalda bo‘lishi kerak. Xalq hokimiyatga  emas, balki hokimiyat xalqqa xizmat qilishi kerak. Hokimiyatning xalqqa xizmat qilishi demokratiyaning talabi hisoblanadi, lekin bizlarda hozircha demokratiya reallikka to‘liq aylanib ulgurmagan bo‘lib, nominal demokratiya xarakterida bo‘lganligi uchun hokimiyatning xalqqa xizmat qilishini ta’minlash og‘ir kechyapti. 

Hokimiyat bilan xalq o‘rtasidagi munosabatda demokratik tamoyillar o‘rnatilishi uchun xalq kuchli bo‘lishi kerak. Hozircha bizda hokimiyat kuchli, ammo xalq nisbatan kuchsiz va shuning uchun ham demokratik tamoyillarning ustuvorligini o‘rnatish qiyin kechmoqda. Xalqning kuchliligini belgilaridan biri bu parlamentning kuchliligidir. Lekin bizlarda hozir kuchli ijroiya hokimiyati va nisbatan kuchsiz parlament bor. Shuning uchun Prezidentimiz o‘z murojaatlarida parlament faoliyatiga tanqidiy baho berib, uni kuchaytirishga qaratilgan takliflarni berdilar. Masalan, parlamentning qonun ijodkorlik faoliyati tanqid ostiga olindi. Chunki parlament o‘zining asosiy faoliyati bo‘lgan qonun ijodkorlik faoliyatini talab darajasida bajara olmayapti. 
Negaki, parlamentning ilmiy salohiyati qonun ijodkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yetarli bo‘lmayapti. Qonun ijodkorligi bilan shug‘ullanish uchun deputatlarda jamiyat rivojlanish qonuniyatlari to‘g‘risidagi bilim kuchli bo‘lishi kerak. Buning uchun parlamentda ijtimoiy - gumanitar fan namoyandalari, ya’ni jamiyatshunos olimlar yetarli darajada bo‘lishlari, siyosiy partiyalar nomzodlarni tanlash jarayonida ularning ilmiy salohiyatlarini asosiy mezonlardan biri sifatida belgilab olishlari va unga qat’iy rioya qilishlari kerak bo‘ladi. Ana shunda parlament nafaqat o‘zining qonun ijodkorlik funksiyasini, balki barcha funksiyalarini, jumladan, nazorat funksiyasini ham amalga oshirishga qodir bo‘ladi.
 Parlament nazorati adolatli ijtimoiy tartibni, tartib esa taraqqiyotni va taraqqiyot o‘z navbatida farovon jamiyatni ta’minlaydi. Buning uchun jamiyatni ilm-fan yutuqlariga asoslanib boshqarish, ya’ni jamiyatshunos olimlar demokratlashtirish, liberallashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida takliflar berishlari lozim. Boshqacha qilib aytganda, faol tadbirkorlik faqat moddiy boylik yaratish borasida emas, balki intellektual boylik yaratish borasida ham bo‘lishi lozim. 


Demokratiya ham, fuqarolik jamiyati ham nazorat faoliyati bilan bog‘liq. Chunki demokratiya bu nafaqat hokimiyat xalq tomonidan shakllantirilishi, balki nazorat qilinishi hamdir. Fuqarolik jamiyatining asosiy funksiyasi hokimiyat tomonidan huquq va axloq normalariga rioya qilinishini nazorat qilishdan iborat. Faol tadbirkorlik va innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab- quvvatlash yili talablaridan kelib chiqib, oliy ta’lim tizimida ijtimoiy nazorat nomli fanni ishlab chiqish va o‘quv kursini joriy etish taklifini berish mumkin. 
Tadbirkorlik deganda o‘z ishiga ijodiy yondashib, moddiy va ma’naviy boylik yaratish jarayonini samarali qilish tushuniladi. Passiv tadbirkor o‘z faoliyatini har doimgidek bir xil olib boradi, faol tadbirkor esa zamon talablaridan kelib chiqib, o‘z faoliyatini takomillashtirib boradi. Nyutonning uchinchi qonuni bo‘yicha har qanday kuch aks ta’sirga ega, deyiladi. Ana shu aks ta’sir faollikni anglatadi va xuddi shunday aks ta’sirning bo‘lmasligi esa passivlikni anglatadi. 
Zamon talabi ilm-fan yutuqlariga tayanib, islohotlar asosida yotgan liberalizm g‘oyalari va demokratik siyosiy tartibot asosida kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga o‘tishdan iborat. Uni moddiy va ma’naviy boylik yaratishda ilm-fan yutuqlariga asoslanish deb ham tushunamiz. Darhaqiqat, ilm-fan yutuqlariga asoslangan davlat rivojlanib, gullab-yashnab bormoqda. Shuning uchun O‘zbekiston mamlakati ham o‘z taraqqiyotini ilm-fan yutuqlariga asoslangan holda amalga oshirishga harakat qilmoqda. Faol tadbirkorlik innovatsion g‘oyalarga asoslansa, innovatsion g‘oyalar esa ilm-fanga asoslanadi. Chunki yangilikni anglatadigan innovatsiya oldindan ko‘ra bilishga, oldindan ko‘ra bilish esa fanga asoslanadi. 


Zamon talabi bo‘lgan demokratiya va fuqarolik jamiyati nazorat faoliyatini takomillashtirish bilan bog‘liq, chunki nazorat demokratiyaning tarkibiy qismi va fuqarolik jamiyatining asosiy funksiyasi hisoblanadi. Shuning uchun nazorat faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan faoliyat innovatsion g‘oyalarga asoslangan faol tadbirkorlik hisoblanadi, deb aytish mumkin. Nazorat faoliyatini takomillashtirish uchun eng avvalo, ushbu faoliyatga doir bilim kerak bo‘ladi. Bunday bilim ta’lim tizimida, jumladan, oliy ta’lim tizimida shakllanadi. Hozircha ta’lim tizimida biror-bir fan talabalarimizga nazorat faoliyatiga doir bilimni bermaydi. Agar biz bugun talabalarimizga nazorat faoliyatiga doir bilimlarni bera boshlasak, ertaga demokratiya sharoitida yashashga va o‘zining nazorat funksiyasini amalga oshirishga qodir bo‘lgan avlod shakllanadi. Bunday avlod nazorat mexanizmini kuchli qilib, ijtimoiy tartibning barqarorligini ta’minlaydi. Ijtimoiy tartib esa, jamiyat taraqqiyotini va odamlar orzu qilib kelayotgan baxtli hayotni ta’minlaydigan farovon jamiyatni qurishga xizmat qiladi. Bunday bilimni shakllantirish maqsadida oliy ta’lim tizimi o‘quv dasturiga "Ijtimoiy nazorat" nomli o‘quv kursini joriy qilish taklifini berish mumkin. Bugungi kunda ushbu o‘quv kursi faqat SamDUda joriy qilingan bo‘lib, mazkur fanni o‘qitishda qo‘llanma sifatida xizmat qiladigan "Ijtimoiy nazorat" nomli monografiya ham ishlab chiqilgan. Ijtimoiy nazorat fanining ishlab chiqilishi va o‘quv jarayoniga joriy etilishi intellektual boylik yaratish borasidagi innovatsion g‘oyaga asoslangan faol tadbirkorlik sifatida baholanishi mumkin.