Talabalar assotsiatsiyasi dunyo yoshlarini birlashtirmoqda

Shu yilning 22 yanvar kuni O‘zbekiston talabalar assotsiatsiyasi tashkil etildi.

Buning uchun, avvalo, Samarqand davlat universitetidan alohida xona ajratildi. O‘tgan davr mobaynida assotsiatsiya respublikamizdan 70 ta oliy ta’lim muassasasida ta’lim olayotgan 1000 nafarga yaqin talabani qamrab oldi. Onlayn platforma orqali a’zolikka qabul qilish davom etmoqda.

“O‘zbekiston talabalar assotsiatsiyasining” nizomi, taqdimoti va asosiy maqsad-mohiyati ko‘rib chiqildi, tegishli yo‘nalishlar belgilab olindi. O‘zining muhriga va hisob raqamiga ega bo‘ldi, logotipi yaratildi. Ijtimoiy tarmoqlarda sahifalari ishga tushirilib, talabalarning muammo va takliflari o‘rganilmoqda.

Assotsiatsiyaga doir targ‘ibotlar, rus, ingliz, fransuz, tojik tillarida videoroliklar tayyorlanib, talabalarga taqdim etildi. Ularning fikri o‘rganilmoqda.

ZOOM platformasi orqali respublika oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida taklif va mulohazalar o‘rganildi. Shuningdek, 70 ta oliy ta’limda assotsiatsiya vakillari tayinlandi.

Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi, Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligi, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov hamda O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab turli tadbirlar o‘tkazildi.

Respublikamiz va xorij oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilinib, faol ishtirok etgan talaba-yoshlarga assotsiatsiyaning maxsus sertifikatlari topshirildi. 

- O‘zbekiston yoshlarini, ularning dadil tashabbusini chin yurakdan qo‘llab-quvvatlayman, - deydi Gollandiyadagi Leydin universiteti magistranti Kaye Mariya Aleksandra. - Talaba-yoshlar haq-huquqlarini himoya qilish, o‘zaro birdamligiga erishish juda muhim masala. O‘zbekiston talabalar assotsiatsiyasining anjumanlarida ishtirok etib, ushbu tuzilma faoliyatiga muvaffaqiyat tilaganim, meni juda mamnun etdi. O‘zbekiston Prezidentining talabalarga e’tibori va g‘amxo‘rligi haqida tengdoshlarimdan eshitib, hayratlandim. Bugun dunyo yoshlarni eshitish, fikrlariga quloq solish, ular bilan hisoblashish - katta jasorat. Bu assotsiatsiya tez orada nafaqat O‘zbekiston, balki butun jahon yoshlarini birlashtirishga xizmat qiladigan tuzilmaga aylanadi.

Samarqandlik yoshlar tashabbusi, Prezidentimiz e’tibor va g‘amxo‘rligi bilan dunyoga kelgan mazkur tuzilmaning asosiy maqsadi - bir oliy o‘quv yurti bilan ikkinchi bir oliy o‘quv yurti talabalari o‘rtasida aloqa o‘rnatish, yoshlarning chet mamlakatlarda ta’lim olishini ta’minlash, umuman, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashdir.

Allayor Norboyev,

assotsiatsiya a’zosi.