Ta’lim inspeksiyasi ogohlantirmoqda: Samarqandda xususiy oliy ta’lim muassasasi yo‘q

Ayni kunlarda fuqarolar tomonidan Samarqandda xususiy oliy ta’lim muassasasi ochilgani, unga kirish uchun ayrim yoshlar pul to‘lagani, darslar yaqin kunlarda boshlanishi haqida turli gap-so‘zlar yuribdi.

Ushbu ma’lumotga oydinlik kiritish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand hududiy bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Boboxolovga murojaat qildik.

- Samarqandda hali hech bir xususiy oliy ta’lim muassasasi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan lizensiyalanmagan, - dedi G‘ayrat Boboxolov. - O‘zbekistondagi xususiy oliy ta’lim muassasalarining diplomi tan olinishi uchun, avvalo, ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak.
To‘g‘ri, ayni kunlarda viloyatimizda ham xususiy oliy ta’lim muassasasini tashkil etish borasida sa’y-harakatlar boshlangan. Ammo, fuqarolar tomonidan so‘ralayotgan Samarqand-Koreya hamkorligidagi xususiy OTM ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan litsenziya olgan emas. Ushbu OTMning diplomi haqiqiy deb tan olinmaydi.

Fuqarolarimizni yana bir bor hushyorlikka chorlash niyatida shuni ma’lum qilamizki, Samarqandda hali xususiy OTM ro‘yxatdan o‘tmagan.