“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun: yangilanish, sharh, izoh
2020 yil 23 sentyabrda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning kengroq ommaga yetkazish maqsadida Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida shu mavzuda onlayn seminar tashkil etildi.
Seminarda barcha hududiy markazlar hamda xalq ta’limi tizimi professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Zamonaviy fan va texnika taraqqiyoti ta’lim muassasalarida fanlarni o‘qitishga yangicha yondashuvni, o‘quvchilarning o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma, malaka va kompetensiyalarning darajasiga yuqori talablarni qo‘ymoqda. Bugungi kunga kelib, o‘quv axborotlari hajmining haddan tashqari ko‘payib ketganligi o‘quvchilarga nafaqat bilim berish, balki ularni “o‘qish va o‘rganishga o‘rgatish”ni talab qilmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan ta’lim tizimida yangi islohotlarni amalga oshirishni taqozo etadi.
Tadbirda viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi kafedra mudiri G.Fayzullayeva yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda kiritilgan boblar va moddalarni avvalgi qonunga nisbatan qiyoslash, sharhlash va izohlash orqali batafsil tushuntirib berdi.
Seminar mavzuga oid bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.
Abduhoshim Ziyodov.