Ta’limda nima o‘zgardi?
Inson kapitali mamlakatning muhim boyligi. Shu ma’noda zamonaviy fikrlaydigan, intellektual rivojlangan, professional tayyorgarlikka ega, yurt va xalq manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qiladigan kadrlarni tayyorlash masalasi ertangi kunimizning hal qiluvchi ustuvor masalasidir.
Ayni shu sabab keyingi yillarda yurtimizda ta’lim sohasida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, maktabgacha, o‘rta hamda oliy ta’lim tizimida qator yangiliklar joriy etildi.
Bunda ta’lim-tarbiya tizimida eskicha qoliplardan voz kechish, eng ilg‘or, zamonaviy, xalqimizga xos milliy-ma’naviy va axloqiy qadriyatlarga hamohang usullarni amaliyotga joriy etish, Sharqda qadimdan amalda bo‘lgan prinsip — ta’lim va tarbiyani bir-biridan ajratmaslik va ularning o‘zaro mutanosibligiga erishishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, yosh avlod tarbiyasida faqatgina davlat yoki ta’lim tizimi emas jamiyatning barcha bo‘g‘ini faol ishtirok etishi choralari ko‘rilyapti.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi istiqbolli tizim yaratishga asos bo‘lgani holda, so‘nggi to‘rt yilda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qaror va farmonlar sohadagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi. Mazkur hujjatlarning hayotga tatbiq etilishi natijasida nafaqat yosh avlod ta’lim-tarbiyasi borasidagi islohotlar, balki pedagoglar faoliyatida ham ijobiy o‘zgarishlarga erishildi.
Misol uchun, soha faoliyatini tubdan yaxshilash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish, zamonaviy tizim yaratish maqsadida Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. O‘z navbatida, davlat va xususiy sheriklik asosida yaqin istiqbolda mamlakatimizda bog‘cha yoshidagi bolalarni to‘liq maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Keng jamoatchilik va ota-onalarning fikr-takliflari asosida 11 yillik majburiy maktab ta’limi qayta joriy etildi.
Ulug‘ allomalarimiz – Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Ishoqxon Ibrat, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomlari bilan atalgan ijod maktablari, “Temurbeklar maktabi”, Prezident maktablari, xususiy maktablar zamonaviy namunadagi ta’lim dargohlari bo‘ldi.
O‘qituvchilarning ish haqi so‘nggi to‘rt yilda o‘rtacha 3 barobar oshirilib, uzoq tumanlarga borib ishlayotgan pedagog kadrlar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha aniq mezonlar belgilandi. Ularga 50 foizgacha qo‘shimcha oylik ustamalar to‘lanmoqda. Bu o‘z navbatida olis hududlarda zarur o‘qituvchilarni jalb etish imkonini berdi.
Aslida umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi ijobiy o‘zgarishlarni uzoq davom ettirish mumkin. Tajribasidan foydalanish maqsadida pensiya yoshida faoliyatini davom ettirayotgan o‘qituvchilarga pensiyasi to‘liq miqdorda berilayotgani, uzoq qishloqlardagi maktablarga o‘qituvchilarni jalb etishni yanada rag‘batlantirish uchun ularga uy-joylar, avtotransport uchun kreditlar berish amaliyoti joriy qilingani buning yorqin misolidir.
Bundan tashqari, oliy ta’lim tizimida yoshlar qamrovi ikki-uch baravarga ko‘paytirildi. Olis hududlardagi yoshlarga qo‘shimcha imkoniyat yaratish maqsadida nufuzli oliy ta’lim muassasalarining viloyatlarda filiallari tashkil etildi.
Muhimi, ta’lim tizimidagi islohotlar bular bilan cheklanib qolmasdan, izchil davom ettirilmoqda. Biz xalq vakillari ham bor kuch va g‘ayratimiz bilan sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni tizimli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlashga ko‘mak berishga tayyormiz.
Muzafara ABDIYeVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.