Tanqid to‘g‘ri qabul qilindi

Tadbirda partiya markaziy kengashi sektor mudiri D.Xudoyqulov va viloyat kengashi raisi M.Usmonov partiya deputatlik guruhlari faoliyatini samarali tashkil etish xususida so‘z yuritdi. 
Deputatlarga ish olib borish tartibi, saylovchilar bilan uchrashuvlar orqali mavjud muammolarni aniqlash, deputatlik so‘rovlarini uyushtirish, mansabdor shaxslar axborotini tinglash va sessiyalarga taklif kiritish masalalari haqida tushuncha berildi.
Seminarda mahalliy kengashlar deputatlari faoliyati yuzasidan "Zarafshon" gazetasida chop etilgan tanqidiy maqolalar muhokama etildi.
– Maqolalarda faoliyatimizdagi kamchiliklar ro‘y-rost ko‘rsatib o‘tilgan, tanqidlar asosli, – deydi M.Usmonov. – Achinarlisi, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmayotgan deputatlarimiz talaygina. Bu muammolarni bartaraf etish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilab olamiz.
Yakunda deputatlar ham bu borada o‘z fikr-mulohazalari va kamchiliklarga barham berish bo‘yicha takliflarini bildirdi.

Folib ABDUSALOMOV.