Tanzaniya prezidenti Jon Magufuli vafot etdi

Tanzaniya prezidenti Jon Magufuli 62 yoshida vafot etdi, deya xabar berdi Bloomerg vitse-prezident Samia Suluhu Xassan ma’lumotiga asoslanib.

Ilgari tanzaniyalik muxolifatchi siyosatchi Tundu Lissu aytganidek, “COVID-19” bilan kasallangan davlat rahbari Hindistonga olib ketilgan. Bundan oldin Keniyada davolangan.

«Financial Times» o‘z manbalariga asoslanib, Magufuli og‘ir kasal bo‘lganligini bildirgan edi. Keniyaning "Nation" nashri ham o‘z manbasiga asoslanib "ikki hafta davomida jamoat oldiga chiqmagan Afrika davlatlaridan birining yetakchisi koronavirus kasalligi bilan Nayrobidagi kasalxonaga yotqizilgan" deya xabar berdi. OAV xabarlariga ko‘ra, u nafas olish moslamasiga ulangan.

Shu bilan birga, Tanzaniya bosh vaziri, yuridik ishlar vaziri va mamlakatning Namibiyadagi elchisi prezident koronavirus bilan kasallanganligi haqidagi ma’lumotni rad etdi.

Avvalroq Magufuli Tanzaniyada “SARS-CoV-2” yo‘qligini aytgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa “COVID-19”ga qarshi vaksinalar sotib olish rejasi yo‘qligini xabar qildi. Magufuli koronavirus haqida jo‘yali gap aytmasdan, aholini kasallikka qarshi kurashish uchun uch kun davomida ibodat qilishga chaqirdi va lokdaun joriy etmasligini ta’kidladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Tanzaniya 2020 yil may oyi boshidan beri koronavirus kasalligi va o‘lim statistikasi haqida xabar bermagan. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda jami “COVID-19” kasalligining 509 ta holati aniqlangan va 21 ta o‘lim qayd etilgan.