“Taraqqiyot strategiyasi” markazi fuqarolarni davlat dasturi loyihasini ishlab chiqishda faol bo‘lishga chaqirdi

Yil boshida Harakatlar strategiyasining uzviy davomi o‘laroq, «2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni e’lon qilingan edi.

Hujjatda inson qadrini oshirish, hamma narsa inson uchun ekanligini anglash hamda jamiyatda inson qadrini birinchi o‘ringa olib chiqish g‘oyalari ilgari surilgan. Shuningdek, davlat organlarining aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotini uzluksiz va samarali davom ettirish, shaffoflik, ochiq-oshkoralikni ta’minlash Taraqqiyot strategiyasining asosiy maqsadlari sirasiga kiradi.

Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturilarining joylardagi ijrosi natijalarini keng aholi qatlamiga yetkazib borish hamda uning joylardagi ijrosida bevosita aholining ishtirokini ta’minlash maqsadida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda «Inson qadri» onlayn portali ishlab chiqildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi jamoasi davlat dasturi loyihasini ishlab chiqishda fuqarolarning takliflari, talab va istaklariga tayanilishi sababli ularni faol bo‘lishga chorlamoqda.

“Siz, aziz xalqimizdan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini 2023 yilda amalga oshirishga oid DAVLAT DASTURI loyihasini ishlab chiqishda faol ishtirok etib, takliflaringizni davlatdasturi.uz portali hamda Markazning strategy.uz veb-sayti va @dscuzbekistan telegramm kanali orqali yuborishingizni so‘raydi.

Aziz vatandoshlar! O‘z hududingiz, jamiyatimiz va Davlatimiz ravnaqi uchun takliflaringiz bilan faol ishtirok eting”, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazining murojaatida.